Ko`ngli toza odam (Hajviya)

Mutolaa 28.11.2019, 10:47
Teglar: hajviya, ko`ngli toza odam
Ko`ngli toza odam (Hajviya)

Ho`o`, muxbir bolam, to`xta qani... Kecha bitta maqola yozibsan, Abdi piyonista haqida. “Abdi piyonista kim?” deysanmi? Ha, yozgansan-ku kechagi sonda. Usta naqqosh Abdumo`min Ismatov haqida “Irodali inson” deb. Bay-bay, sarlavhani qarang-a! Gonarar beradi, deb,kim to`g`ri kelsa yozaverasizlarmi? Kim bo`pti u, piyanista?! G`irt ahmoq odam-ku. Bolaligida ham erga ursa ko`kka sapchiydigan, o`taketgan tentak edi.

“Halol, mehnatkash emish...” Nimasi halol? Faqat o`z foydasini ko`zlaydi. Mehnat qilsa kissasini qappaytirish uchun qilgan. Topganini uyga tashiydi. Davlatga bir tiyinlik foydasi tekkani yo`q. “Idora rahbarlaridan so`rab yozganman” deysanmi? E, boshlig`iyam o`ziningqarindoshi-da! Qarg`a qarg`ani ko`zini cho`qiydimi? U ham bo`lmag`ur odam. Hamma xesh-birodarlarini atrofiga yiqqan, xotinini kassir qilib olgan. Mansabini suiiste`mol qilib, davrini surib yuribdi-da.

Abdini “Otasidan hunar o`rgangan” deb yozibsan. Otasiyam g`irt bemaza kishi edi. Davlatning pulini eb-eb, xizmatidan qochib, urushga bormagan. Xullas, etti pushti be`mani odamlar...

“Og`ir kasallikni enggan ekanlar. Ko`ngillari ko`tarilsin, degandim” deganing nimasi? Qo`y, bu gaplarni-e! Kasal emish-a! To`p ham tekkani yo`q. Kasalligi yolg`on. Mehnat yoqmasdan o`zini kasallikka solib yotuvdi. Davlatdan pensiya olish uchun shunaqa qilgan-da. Falaj bo`ldim, deb, bahona qilib, pensiya olib yotgan paytlarida xotini tug`di-ku! Eri ishga yaramasa qaerdan tug`adi?!

E, man sanga uning qay bir qilig`ini aytay, yoshligida ham o`lguday alkash edi. Topsa araq, topmasa vinoni zahar-margiga urib, maishat qilib yurardi. Yallachilarga ilakishganini-ku aytmay qo`ya qolay. Shunday maishiy buzuq odamni yozibsan-a. Esiz, hayf gazeta. 

O`zi-ku ahmoqligi mayli-ya, bolalari ham ahmoq-ey... Otasidan o`tib qaerga borardi?! Olmaning tagiga olma tushadi-da. Ko`chada ko`rsa salomni bilmaydi. Mani ko`rsa teskari qarab ketadi, o`zini ko`rmaganga solib. “Hoy inson, man sanga nima yomonlik qilganman, qarzi xudo-salomingni bermaysan”, deb bir urishay deyman-u yana shaytonga hay beraman-da...

Qizi-chi, qizi? O`zini osmondagi oy, deb o`ylaydi. O`g`limga tegmadi. Suqsurday o`g`limni “Otasiday maydagap, yuragi qora”debmish. Voy, tiling kesilgur-ey... Sendaqa kattagapga tupurdim.

Mani, yuragi qora, degan-a! O`zing ayt, muxbir bolam, man shunaqaga o`xshaymanmi?! Manday ko`ngli toza odamni etti iqlimni axtarib ham topolmaysan. Yozadigan bo`lsang, ana mani yoz! Esimni taniganimdan buyon ishlayman. Beshikdan chiqqanimdan beri mehnat qilaman. Davlatning foydasini o`ylayman. Lekin hech kim qadrimga etmaydi.

Bu gaplarni yana ko`nglingga og`ir olma, bolam. Endi kimni yozadigan bo`lsang, mandan so`ra. Man hammaning tarixini bilaman.

Man pokdil odamlarni yaxshi ko`raman, chunki o`zim ko`ngli toza odamman. 

Mahbuba XOLOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1