Havo haroratining keskin pasayishi natijasida shahrimizga tabiiy gaz etkazib beradigan taqsimlash stansiyalarida kirish bosimining pasayishi kuzatilmoqda, deb xabar berdi Qo`qon shahar hokimligi matbuot xizmati.
Shuni inobatga olgan holda, viloyat gaz idorasining xabarnomasiga asosan shaharning ayrim ulgurji tabiiy gaz iste`molchilari, shu jumladan metan quyish shoxobchalari, vaqtinchalik chora-tadbir sifatida, cheklangan gaz etkazib berish tartibiga o`tkazilmoqda.
Buning natijasida, shahar tug`ruqxonasi, Go`daklar uyi, Mehribonlik uyi, 9 va 5-maxsus internatlar, 2, 3, 5, 27, 48, 53, 54, 55, 56, 57-mahallalarga etkazib beriladigan gaz bosimini 2,8 atmosferadan 4 atmosferagacha ko`tarishning imkoni bo`ldi.
Ayni paytda shaharga kirib keladigan gaz bosimini ko`tarish choralari ko`rilmoqda.
Xabarda aytilishicha, gaz ta`minoti cheklangan xonadonlar egalariga uylarini isitishda, xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda, alternativ energiya manbalaridan foydalanish tavsiya etiladi.






