O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Kanadaning Ontario provinsiyasida engil samolyotning halokatga uchrashi oqibatida halok bo`lgan o`zbekistonliklar haqida rasmiy ma`lumot berdi.
Unga ko`ra, mamlakatimizning Vashington shahridagi Elchixonasi engil motorli shaxsiy samolyot qulashi natijasida asli o`zbekistonlik Otabek Oblokulov va Bobomurod Nabiev, shuningdek, ularning oila a`zolari (jami etti kishi) halok bo`lganligi haqidagi OAV xabarlarini tasdiqlaydi. Voqea 27-noyabr kuni Kanadaning Ontario provinsiyasida yuz bergan.
Olingan ma`lumotlarga ko`ra, samolyot Otabek Oblokulov tomonidan boshqarilgan, u turmush o`rtog`i va uch nafar farzandi, shuningdek, boshqa qarindoshlari bilan birga dam olish kunlarini o`tkazish uchun Toronto shahridan Kingston shahriga yo`l olgan. Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, samolyot qulashining sababi noqulay ob-havo bo`lishi mumkin.
Elchixona tomonidan ko`rilgan shoshilinch choralar, jumladan Kinston shahri polisiyasi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida barcha qurbonlarning shaxsi aniqlangan.
Elchixona konsullik huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilish choralarini ko`rmoqda.
Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti va mamlakatimizning Vashington shahridagi Elchixonasi marhumlarning oila a`zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi va AQSh (Alabama, Arkansas, Colorado, Delaware, Washington DC, Florida, Georgia, Kentucky, Louisiana, Maryland, Mississippi, North Carolina, Oklahoma, South Carolina, Tennessee, Texas, Virginia and West Virginia), Kuba, Kanada, Braziliya hududlarida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Vashington shahridagi Elchixonasiga +1-202-887 -53-00, +1-202-251-82-98 telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi.