Muborak tuman tibbiyot birlashmasida byudjet mablag`larini talon-toroj qilish holati aniqlandi. Bu haqda “darakchi.uz”ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Muborak tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Muborak tuman tibbiyot birlashmasi xodimlar bo`limi boshlig`i D.S. soxta hujjatlar rasmiylashtirib, “Sariq” qishloq vrachlik punktida o`zi mudir vazifasida ishlamasada 7,5 mln. so`m va patronaj hamshirasi vazifasida ishlamagan turmush o`rtog`i M.K. nomiga 14,6 mln. so`m ish haqi hisoblaganligi aniqlandi.
Shuningdek, u 2018-2019 yillarda birlashma dorixonasining 51,8 mln. so`mlik dori vositalari kamomadiga yo`l qo`yib, 73,8 mln. so`m byudjet mablag`larini talon-toroj qilganligi ma`lum bo`ldi.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan D.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.