AsosiyJinoyat

Toshkentda ko`z kasalliklari shifokori xotinining “jazmani” tomonidan vahshiylarcha o`ldirildi

'Toshkentda ko`z kasalliklari shifokori xotinining “jazmani” tomonidan vahshiylarcha o`ldirildi'ning rasmi

Tal`at Yunusov  turmush o`rtog`ining anchadan buyon xiyonat qilib yurganini sezmagan. Uning ayoli telegram orqali o`ziga jazman orttirdi va erining boshiga etdi (marhum va jabrlanuvchining ism-familiyasi o`zgartirilgan).

Tal`at Yunusov poytaxtimizdagi ko`z kasalliklari xususiy klinikasida shifokor bo`lib ishlar edi. Qirq yoshni qoralagan shifokor ertalab ishga ketgach, o`zidan etti yosh kichik bo`lgan turmush o`rtog`i Shahina uyda yolg`iz qolardi.

U internetda telegram orqali Sarvar Toshmuhammedov bilan tanishib qoladi. Ikki tengdosh o`rtasidagi yozishmalar bora-bora ishqiy mavzularga ulanib, ularni uchrashuvga undaydi. Ikki tomon ham oilali bo`lsa-da, shaytonga xayf berishmaydi. Shahina birinchi uchrashuvdayoq Sarvarni o`ziga maftun qiladi. Xullas, ular tez-tez uchrashishni odat qilishadi. Bunday uchrashuvlar esa xiyonatga yo`l ochadi.

2016 yilning avgust oyidan boshlangan ishqiy munosabatlar asta chuqurlashib borar, endi Sarvar oilali ayolga o`z xotinidek munosabatda bo`lardi. Shahina turmush o`rtog`ini ishga kuzatgach, Sarvarga qo`ng`iroq qilib uyiga chaqirar, nomahram erkak bilan kechgacha birga bo`lardi.

Sarvar Shahinaga “ering bilan ajrash, seni nikohimga olaman” deydi. Shahina esa eri bilan ajrashmasligini aytib, uning taklifini rad etadi. Uning bu javobi Sarvarning g`azabini qo`zg`atadi.

Shundan so`ng, S.Toshmuhamedov tuzgan rejasini amalga oshirish uchun muqaddam sudlangan 24 yoshli Mustafo Temirov yo`q demadi.

Ikkovlon kelishib olgach, buning uchun kerak bo`ladigan narsalar, ya`ni arqon va skotch sotib olishadi, poytaxtning chekkaroq joyidan uy ham topib, qabih ishlarini o`sha erda amalga oshirishni reja qilishadi. S.Toshmuhamedov rejaga asosan T.Yunusov ishlayotgan klinikaga boradi. Uni topib, kasal borligini, yura olmasligi sababli uyda muolaja qilishini iltimos qilib, aldaydi. Hech nimadan xabari yo`q T.Yunusov uning gaplariga ishonadi va bemorga tashxis qo`yishda kerak bo`ladigan tibbiy asbob-anjomlarini olib chiqadi. Sarvar shifokorni o`z mashinasida qabihlik uchun tayyorlab qo`yilgan manzilga olib keladi. T.Yunusov uyga kirishi bilan ikkovlon uni urib, tepib, oyoq-qo`lini bog`lab tashlashadi. Bu ham etmaganidek, ojiz ahvolda qolgan T.Yunusovni qiynoqqa solishadi. Uning “Nima uchun, aybim nima?” degan savoliga S.Toshmuhamedov “Sening xotining mening jazmanim, u bilan ko`ngilxushlik qilishimga shuncha vaqtdan buyon xalaqit qilib kelding, endi bunga chek qo`yaman” deb dag`dag`a qiladi.

Insoniylik qiyofasini yo`qotgan ikkovlon T.Yunusovni oyoq-qo`llari bog`liq holda uch kun mobaynida suvsiz, ovqat bermasdan o`sha joyda saqlashadi. Uchinchi kuni S.Toshmuhamedov “Buning joni qattiq ekan, yordamlashib yuboramiz shekilli” deya qo`liga arqon olib, uni bo`ynidan bo`g`ib o`ldiradi va jasadni gilamga o`rab qo`yadi. Tun yarmidan oqqanida Sarvar tanishi M.Meraimovga qo`ng`iroq qilib, yuk borligini, Bektemir tumaniga olib borish kerakligini aytadi. “Gazel” mashinasida aytilgan manzilga kelib “yuk”ni ko`rgach M.Meraimovning hushi boshidan uchayozadi. S.Toshmuhamedov esa unga ko`rganlarini hech kimga aytmasligini tayinlaydi, gilamga o`ralgan jasadni Chirchiq daryosi qirg`og`iga ko`mib tashlashadi.

Shundan so`ng marhumning tibbiy asbob-uskunalari, telefonlarini so­tib yuborishadi. Plastik kartasidagi 4 million so`mdan ortiq pulni ham Sarvar o`z ehtiyoji uchun sarflab yuborgan ekan. S.Toshmuhamedov yopiq qozon yopiqligicha qoladi, undan hech kim xabar topmaydi deb qattiq yang­lishdi.

O`g`li bir necha kundan buyon yo`qolib qolganini bilgan T.Yunusovning onasi bu haqda huquq-tartibot idoralariga xabar beradi. Tezkor-qidiruv va surishtiruv jarayonida T.Yunusovni so`nggi bor S.Toshmuhamedov olib ketgani ma`lum bo`ladi. Klinikadagi kuzatuv kameralari yordamida Sar­varning shaxsi aniqlanib, qo`lga olinadi. Dastlabki tergov jarayonida uning hamtovoqlari ham ushlanadi. Foydalanayotgan telefonlari ulangan mobil kompaniyalardan qotillarning o`zaro suhbatlari yozilgan audio­tasmalar olib eshitilganda ham ularning maqsadiga aniqlik ki­ri­tiladi. Murda ko`milgan joyidan olinib, DNK ekspertizasi o`tkaziladi va jasad haqiqatan T.Yunusovniki ekani ma`lum bo`ladi.

Afsuslanarlisi, M.Meraimov qotillikda ishtirok etmasa-da, mazkur qabihlik haqida tegishli joyga vaqtida xabar bermagani uchun javobgarlikka tortildi.

Sud hukmiga ko`ra S.Toshmuhamedov 18 yil, M.Temirov 17 yilga ozodlikdan mahrum qilingan bo`lsa, M.Meraimovga ham qilmishiga yarasha jazo tayinlandi, deya xabar beradi Jahon.uz.

 

    Boshqa yangiliklar