6 dekabr, juma kuni xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov O`zbekiston Futbol Assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti Ravshan Ermatovni qabul qildi.
XTV matbuot xizmatining bizga xabar berishicha, uchrashuv davomida ular ikki tashkilot o`rtasidagi bolalar futbolini rivojlantirish hamda ommalashtirish bo`yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Xususan, tomonlar maktab o`quvchilari o`rtasida muntazam ravishda futbol musobaqalarini o`tkazishni rejalashtirib oldi. Ravshan Ermatovning ta`kidlashicha, ushbu turnirlarga yangi iste`dodlarni izlayotgan seleksionerlar tashrif buyuradi. Iqtidorli bolalar ixtisoslashtirilgan futbol maktablariga yuboriladi.
Sherzod Shermatov vazirlik ushbu yo`nalishda O`FA bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ta`kidladi. Shuningdek, iqtidorli yoshlarning adolatli tanlanishini ta`minlash zarurligi va bu O`zbekistonda futbol rivojiga xizmat qilishini aytib o`tgan.
Qayd etilishicha, keyingi haftadan boshlab, O`FA Xalq ta`limi vazirligi bilan hamkorlikda O`zbekiston mintaqalarida futbol festivallari o`tkazishni boshlaydi.