Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati shakllanishining ikkinchi bosqichi alomatlari ko`rina boshladi.
Ma`lumki, birinchi bosqichda davlat va fuqarolik jamiyatida bo`linish yuzaga keladi. Bu bosqichda fuqarolar davlat chiqarayotgan qonun, farmon va qarorlarni tanqid qilishga o`tadi. Amaldorlarni xalqning dushmani sifatida ko`ra boshlaydi. Amaldorlar xalqning o`ziga bo`lgan munosabatidan cho`chib, davlatdan himoya kutadi. Davlat esa ularni himoya qilmaydi. Ular qatorida davlatning pinjiga kirib kun ko`radigan ommaviy axborot vositalari ham obro`sizlanib boradi. Chunki ular o`z so`zlariga o`zi egalik qila olmaydigan, olchoq bir toifaga ya`ni qaysidir amaldorning "tili"ga aylanadi.
Ikkinchi bosqichda bunday ommaviy axborot vositalari tanazzulga uchraydi. Jamiyatda esa anglash bosqichi boshlanadi. Bir maqsad yo`lida birlashgan sosial guruhlar paydo bo`lib, haqiqiy fuqarolik institutlari shakllana boshlaydi. O`sha sosial guruhlar va institutlar o`z g`oyalarini yoyish, safdoshlari sonini ko`paytirish, ularning ijtimoiy-siyosiy ongini oshirish maqsadida o`z nashrlarini joriy etishni boshlaydi. Birovning dardi birovga og`irlik qiladi. Shu sabab obuna so`zi unitiladi. Jahon tajribasida bu gazetalar tijoriy yo`nalishda rivojlana boshlaydi:
1. Gazetalar siyosiy jihatdan o`ta saviyali maqolalar, tesha tegmagan xabarlar bozorini yaratadi. Xabarlarni ishonchli manbalardan va muxbirlardan sotib oladi va mushtariylarga sotadi.
2. Gazeta orqali reklama xizmatini yo`lga qo`yib, shu orqali nashr ishlarini moliyalashtiradi. Gazetani esa bepul tarqatadi.(gazetlar to`liq tarqatilishini reklama beruvchilar nazorat qiladi)
3. Ayrim nodavlat notijorat tashkilotlari, bir maqsad yo`lida birlashgan sosial guruhlar, partiyalar o`z gazetalarini joriy etib, ularni xayriya tarzida bepul tarqatadi.
Hozirgi kunda fuqarolik jamiyati nisbatan rivojlangan mamlakatlarda ham ahvol shunday. Shunday ekan majburiy obuna bilan kun ko`rishdan ongli ravishda voz kechish kerak. Hech kim sizning bir necha yuz ming so`mlik gazetangizga o`z ixtiyori bilan obuna bo`lmaydi. Xatto o`zingiz ham obuna bo`lmaysiz. Demak, endi orqaga yo`l yo`q!
Aksincha, shu paytgacha kimnidir majburlab obuna qildirgan bo`lsangiz, o`shalarning pulini qaytarish chorasini ko`rgan ma`qul. Chunki baribir o`sha obunachilar qiyomatda sizdan o`z haqqini talab qiladi va oladi ham.
E`tiboringiz uchun:
Toshkentda ilk bepul gazetalar paydo bo`libdi. Medisina va farmasevtikaga oid ekan. Demak bitta sosial guruh o`z nashrini tarqatishni boshladi. Kurerlar gazetalarni har bir uyga bepul, beminnat tashlab ketayapti. Kim uyida yo`q bo`lsa, eshigiga qistirib ketishayapti. Bu kurerlarning yuzlari oyday. Ularning yuzini "Obuna bo`lasan! Bo`lmay ko`rchi?!" deb baqirayotgan gazetalar homiylarining sovuq basharasi bilan solishtirib bo`lmaydi. Ularning yuzi har obunadan "foiz egich pochtachi"larning loqayd yuzlariga ham o`xshamaydi.
Muxtasar qildim!






