Samarqand shahar, Kattaqo`rg`on, Narpay va Urgut tumanlari Ichki ishlar organlarining Jinoyat-qidiruv bo`linmalari xodimlari pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo`yishdi.
3 dekabr kuni Samarqand viloyati Narpay tumani IIB Jinoyat-qidiruv bo`limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o`tkazildi. Tadbir davomida Samarqand shahrida yashovchi fuqaro X.Sh. boshqaruvida bo`lgan “Labo” rusumli avtomashinasi Oqtosh shahri dehqon bozori yonida turgan vaqtida tekshiruvdan o`tkazilib, unda xorijda ishlab chiqarilgan “Novy vek” nomli 14.400 dona pirotexnika vositasi borligi aniqlandi.
4 dekabr kuni soat 20:00larda Samarqand viloyati IIB Patrul-post xizmati bataloni hamda Samarqand shahri bo`yicha IIOFMB 8-sonli IIB Jinoyat-qidiruv guruhi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tadbir davomida Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro G.Sh. tadbir ishtirokchisi “J” ismli shaxsga 1.200 dona pirotexnika vositasini 300.000 so`m pulga savdolashib, sotayotgan vaqtida ushlandi.
Xuddi shu kuni Kattaqo`rg`on tumanida yashovchi fuqaro M.L. “Payshanba” dehqon bozori yonida savdo do`konida yashirin ravishda saqlab kelayotgan pirotexnika buyumlarining har bir pachkasini 13.000 so`mdan sotgan vaqtida qo`lga tushdi. Savdo do`konini ko`zdan kechirilganda esa, bu erda 270 pachka pirotexnika mahsulotlari borligi ma`lum bo`ldi.
7 dekabr kuni Urgut tumani bo`yicha IIOFMB Jinoyat-qidiruv bo`limi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida tumandagi “Kamangaron” mahalla fuqarolar yig`inida yashovchi fuqaro S.K. 12.480 dona “Treniya” nomli pirotexnika vositasini 1.344.000 so`mga sotgan vaqtida ushlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.