9 dekabr kuni Eronning “Zagros Airlines” aviakompaniyasi “Tehron-Toshkent-Tehron” yo`nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi. Bu haqda O`zbekiston Transport vazirligi ma`lum qildi.
Dastlabki bosqichda Eron aviakompaniyasi mazkur yo`nalishda parvozlarni haftasiga bir marta bajaradi. Keyinchalik esa parvozlar chastotasi haftasiga ikki martaga etkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o`tamiz, 2019 yil noyabr oyida O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Eron Islom Respublikasi aviasiya ma`muriyatining “Zagros Airlines” aviakompaniyasini muntazam parvozlarni bajaruvchi aviakorxona sifatida tayinlash to`g`risidagi xabarnomasiga, shuningdek, 2001 yil 17 avgustdagi Havo qatnovi to`g`risidagi ikki tomonlama bitim doirasida taqdim etilgan zarur hujjatlarga muvofiq, “Tehron-Toshkent-Tehron” yo`nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun Eron aviakompaniyasiga ekspluatasiya ruxsatnomasi berilgan.
O`zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi o`rtasida muntazam parvozlarning tiklanishi ikki mamlakat o`rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va sayyohlik sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga turtki beradi.