«Tadbirkorlik sub`ektlarini elektr tarmoqlariga ulash tartibi soddalashtiriladi va biznes muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to`g`risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamaga qo`yildi.
Unga ko`ra, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ 2020 yil 1 yanvardan boshlab iste`molchilarga o`rnatilgan elektr hisoblagichlarni metrologiya xizmatlari qiyoslovidan o`tkazish bo`yicha yagona vakolatli organ etib belgilanadi. Qiyoslov bo`yicha barcha xarajatlarni esa elektr ta`minoti tashkilotlari o`z mablag`lari hisobiga qoplaydi.
«Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish direksiyasi» MChJ «Hududiy elektr tarmoqlari» AJining filialiga aylantirish yo`li bilan qayta tashkil etiladi.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ faoliyatini tashkil etish uchun ularning tarkibidagi tashkilotlar tomonidan ajratilayotgan ajratmalar Soliq kodeksiga muvofiq soliq solish ob`ekti hisoblanmaydi.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi iste`molchilar tomonidan foydalanilayotgan hisobga olish asbobini quyidagi hollarda qiyoslovdan o`tkazadi:
davriy qiyoslashdan – hisobga olish asbobini qiyoslashlararo interval muddati tugaganda;
navbatdan tashqari qiyoslashdan – hisobga olish asbobining qiyoslashdan o`tkazilganligini tasdiqlovchi plombasi shikastlanganda yoki qayta sozlash ishlarini o`tkazish zarurati vujudga kelganda;
ekspert qiyoslashdan – hisobga olish asbobining sozligi yoki uning qo`llashga yaroqliligi, metrologik tavsiflari bo`yicha munozarali savollar tug`ilganda.
Hisobga olish asbobining qiyoslashlararo interval muddati o`n yilni tashkil qiladi.
Hisobga olish asbobining qiyoslashlararo interval muddati tugashidan kamida bir oy oldin elektr ta`minoti korxonasi tomonidan iste`molchiga xabarnoma yozma yoki elektron (elektron pochta, messenjer, sms va boshqalar) ko`rinishda taqdim etiladi.
«Hududiy elektr tarmoqlari» korxonasi tomonidan qiyoslashdan o`tkazish uchun belgilangan reja asosida hisobga olish asbobini echib olish uchun elektr ta`minoti korxonasi tomonidan vakolatli xodim yuboriladi.
Vakolatli xodim soat 8:00 dan 17:00 gacha iste`molchining hisobga olish asbobini echib olish va o`rnatish uchun kelish huquqiga ega. Bunda vakolatli xodim o`z xizmat guvohnomasini iste`molchiga ko`rsatishi lozim.
Hisobga olish asbobini echib olishda vakolatli xodim iste`molchi ishtirokida hisobga olish asbobi va o`rnatilgan plombalarning butligini tekshirib, hisobga olish asbobi echib olinganligi haqida uch nusxada dalolatnoma tuzadi. Bunda dalolatnomaning bir nusxasi iste`molchiga beriladi, ikkinchi nusxasi elektr ta`minoti korxonasida hamda uchinchi nusxasi metrologiya xizmati organiga taqdim etiladi.
Metrologiya xizmati organi tomonidan hisobga olish asbobi uch ish kuni ichida qiyoslashdan o`tkaziladi.
Hisobga olish asbobini qiyoslashdan o`tkazish natijasi ijobiy bo`lgan taqdirda, hisobga olish uskunasi foydalanishga yaroqli deb topiladi va metrologiya xizmati tomonidan hisobga olish uskunasining qiyoslashdan o`tkazilganligi haqida sertifikat rasmiylashtiriladi.






