Ijtimoiy tarmoqlarda oliy ta`lim tizimiga oid navbatdagi yolg`on xabarlar tarqatildi. Jumladan, xorijiy oliy ta`lim muassasalarida tahsil olayotgan o`zbekistonlik talabalarni zudlik bilan ko`chirib kelish, o`qishni ko`chirish uchun imtihonlar pullik bo`lgani va shunga o`xshash hech qanday asosga ega bo`lmagan noto`g`ri ma`lumotlar odamlarni chalg`ityapti.
Xorijiy OTMlardan talabalar o`qishini O`zbekistonga ko`chirish tartibiga hech qanday o`zgartirish kiritilmagan, deya ma`lum qildi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi Matbuot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, “feyk” axborotlar oqimi vazirlik kanalida noqonuniy tarzda abiturientlardan hujjatlar qabul qilinayotgani va shu kabi qonunga zid holatlardan aholini ogohlantirish maqsadida ma`lumot e`lon qilingandan so`ng kuchaydi.
Bunday yolg`on xabarlarga vazirlik rasmiy telegram kanalining havolasi qo`yilishi ortidan ayrim yurtdoshlarimiz ularga ishonib qolmoqda, vazirlikka og`zaki, yozma va internet orqali murojaatlar soni ko`paymoqda.
Xorijda tahsil oladigan talabalar va ularning ota-onalariga shuni rasman ma`lum qilamizki, xorijiy oliy ta`lim muassasalaridan o`qishini O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalariga ko`chirish va ko`chirib qayta tiklash tartibiga hech qanday o`zgartirish kiritilgani yo`q, deyiladi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi axborot xizmati xabarida.
Bu bo`yicha barcha jarayonlar O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi “Oliy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish, talabalar o`qishini ko`chirish, qayta tiklash va o`qishdan chetlashtirish tartibi to`g`risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida amalga oshiriladi.
Bunda xorijiy oliy ta`lim muassasalaridan o`qishini O`zbekiston Respublikasi OTMlariga ko`chirish va ko`chirib qayta tiklash istagini bildirgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari tizimida OTMlari mavjud vazirlik va idoralarda tashkil qilingan komissiyalarda o`qishi ko`chirilayotgan OTMlarning muayyan ta`lim yo`nalishidagi o`qishga kirish fanlari bo`yicha o`qiydigan tilida maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish yoki kasbiy (ijodiy) imtihon shaklida) topshiradi.
Joriy yil 28-30 avgust kunlari xorijiy oliy ta`lim muassasalaridan o`qishni ko`chirish va ko`chirib qayta tiklash bo`yicha murojaat qilgan nomzodlar uchun masofaviy onlayn test sinovlari o`tkazildi.
2020/2021 o`quv yili uchun sinovlar kelgusi yilda bo`lib o`tadi. 2019 yilda o`qishni ko`chirish va ko`chirib qayta tiklash bo`yicha imtihonlar o`tkazilmaydi!
Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta`lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro`yxatdan joy olgan Rossiya Federasiyasi oliy ta`lim muassasalarida ta`lim olayotgan talabalarning arizalariga muvofiq ularning o`qishi Davlat komissiyasi qarori bilan O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalariga sinovlar (test, yozma ish)siz to`lov-kontrakt asosida ko`chiriladi.
Bu turkumga kiruvchi OTMlarda tahsil oladigan talabalar ham 2020 yilning 15 iyuldan 5 avgustga qadar murojaat qilishlari kerak.
Talabalar o`qishini ko`chirish uzrli sabablarga ko`ra (respublikaning bir hududidan ikkinchi hududiga doimiy yashash uchun yoki turmushga chiqish munosabati bilan turmush o`rtog`i doimiy yashaydigan (pasport bo`yicha doimiy ro`yxatdan o`tgan) hududga ko`chib o`tganda, turmush o`rtog`i yoki ota-onasi harbiy xizmat o`tash joyini o`zgartirganda, yoxud ota-onasi (turmush o`rtog`i) xorijdagi davlat xizmatidan qaytganda) bahorgi semestrda o`quv mashg`ulotlari boshlanishidan oldin ham amalga oshirilishi mumkin.
Bunda o`qishini ko`chirish bo`yicha ariza topshirish – har yili 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvariga qadar; o`qishini ko`chirish bo`yicha arizani ko`rib chiqib, qaror qabul qilish – har yili 25 yanvardan 15 fevralga qadar amalga oshiriladi.
“Fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizdan ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan turli asossiz xabarlarga ishonib qolmaslikni, oliy ta`limga oid muhim xabarlar bilan vazirlikning rasmiy telegram kanali- @eduuz orqali tanishib borishni so`rab qolamiz”, — deya ogohlikka chaqirmoqda Vazirlik.






