Qarshi shahrida bino-inshooti buzilib, er uchastkasi olib qo`yilgan va kompensasiya puli to`lanmay qolgan jismoniy va yuridik shaxslar oldidagi qarzdorlik yaqin vaqtdan boshlab davlat byudjetidan to`lab berilmoqda. Bu haqda Qarshi shahar hokimligi Axborot xizmati ma`lum qildi
Xususan, hozirga qadar 20 dan ortiq buzilgan noturar joy uchun tadbirkorlarga 1 milliard 654 million so`m miqdoridagi, 6 ta turar joy uchun aholiga 396 million so`m atrofidagi kompensasiya pullari to`lab berildi.
Misol uchun, Qarshi shahrida yashovchi M.Rahimovaga tegishli uy-joy 2016 yilda buzib olingan va moddiy zararni qoplash jarayoni turli sabablarga ko`ra kechikkan. Ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu fuqaro hisobiga tegishli kompensasiya puli o`tkazib berildi.
Shuningdek, “Sanoat oziq-ovqat va qurilish materiallari ta`minoti” korxonasiga qarashli bo`lgan, ancha ilgari davlat va jamiyat ehtiyoji uchun olib qo`yilgan noturar bino-inshoot 1 milliard so`mdan ko`proqqa baholangan. Aniq moliyalash manbasi yo`qligi sababli shu paytgacha mulk egasi kompensasiya pulini ololmagan. Mazkur zarar miqdorining qariyb yarmi tadbirkorga qoplab berildi.
Hali bu borada ishlar davom ettirilmoqda.