AsosiyJamiyat

Mol bozorida yashirilgan “millionlar” fosh bo`ldi

'Mol bozorida yashirilgan “millionlar” fosh bo`ldi'ning rasmi

Biznes maydonidagi sog`lom raqobatga putur etkazib, xufiyona tadbirkorlikni “gullatish”ni rejalashtirganlar savdo tushumini imkoni boricha kamaytirish payida bo`ladilar. Bunday noqonuniy harakatlarning oldini olish maqsadida Andijon viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan xronometraj - ko`zdan kechirish tadbirlari o`tkazib kelinmoqda.

Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, “Baliqchi dehqon bozori” MChJga qarashli “Hayvon bozori”da yon-atrofdagi tumanlar qolib, qo`shni viloyat chorva mollari ham sotiladi. Bir so`z bilan aytganda, eng gavjum bozor. Ammo, savdo tushumining cho`g`i hech ortmayotgandi. Soliqchilar bu joyda xronometraj tadbiri o`tkazganida esa, birdaniga patta tushumi 4 million so`mga ko`payib, 16 million 180 ming so`mni tashkil qildi.

Xuddi shuningdek, “Marhamat dehqon bozori”ning chorva mollariga ixtisoslashtirilgan bozorida o`tkazilgan xronometraj ham asl tushumni aniqlab berdi. Bozorining “mo``jazgina” ekanligini pisanda qilib, har xafta 5 million so`mdan topshirib kelayotgan mansabdorlar o`sha kungi tushum 12 million so`mdan ortganligini eshitib, er chizib qoldilar.

Soliq xodimlarining bunday sa`y-harakatlaridan ko`zlangan maqsad, real savdo tushumini ta`minlash orqali byudjetga qo`shimcha mablag` jalb etishdir. Bu esa, aholining maosh va nafaqa pullarini o`z vaqtida olishini ta`minlashda muhim o`rin tutadi.

    Boshqa yangiliklar