Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazgan tezkor tadbiri davomida poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi masjidlarning birida mutavalli bo`lib ishlovchi, 1989 yil Qashqadaryo viloyatining Yakkabog` tumanida tug`ilgan, o`rta ma`lumotga ega bo`lgan shaxs o`zining vaqtincha yashash manzilida joriy yilning sentyabr oyidan buyon 4 nafar voyaga etmagan bolaga noqonuniy tarzda diniy saboq berib kelayotganligi aniqlandi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, Samarqand viloyatida va Toshkent shahrida tug`ilgan bolalarning uch nafari 6 yoshli bo`lib, hali ular umumta`lim maktabiga o`qishga bormagan, to`rtinchisi esa Samarqand viloyati Payariq tumanidagi maktablarning birida 5-sinf o`quvchisi hisoblanadi.
Shu o`rinda savol tug`iladi. Nima uchun Payariq tumanidagi maktab rahbariyati o`z o`quvchisining uzoq muddat darslarga kelmasligiga e`tibor bermagan.
Bolalar mazkur shaxs ijarada turgan uyning xonalaridan birida yashashgan va diniy saboq olishgan. Buning uchun ularning ota-onalari har oy 900-950 ming so`m miqdorida pul to`lashgan.
Ta`kidlash lozimki, diniy ta`limga ega ekanligi haqida hech qanday hujjati bo`lmagan shaxs o`qitish jarayonida bolalarga nisbatan jismoniy jazolar qo`llagan.
12.12.2019 14:33