AsosiyJamiyat

Farg`onalik Furqatjonning sirli o`limi bo`yicha rasmiy ma`lumot berildi

'Farg`onalik Furqatjonning sirli o`limi bo`yicha rasmiy ma`lumot berildi'ning rasmi

Avvalroq, Feysbuk ijtimoiy tarmog`ida Bahodirxon Eliboevning ma`lum qilishicha, “MA-News Agency”ga Qo`qondan xabar kelib tushadi. Unda arizachi Zohidaxon opa Abdunazarova, Qo`qon shahri, Istiqlol Ko`chasi 65-uyda yashashlarini bildirishgan.

Qo`qondagi festival yakunida, ya`ni 15 sentyabr kuni, Zohida opaning farzandi Abdunazarov Furqatjon o`rtoqlari Tursunov Ravshan va Ergashev Ravshanlar bilan birga qaysidir xonadonga qandil o`rnatib berish uchun chiqib ketganlar. Biroq o`sha kuni kechasi Furqatjonni kimdir uyiga tashlab ketvorgan. "Furqatjonning yonidagi telefoni va pullarini topolmadik", deydi Zohidaxon opa.

Keyinchalik ma`lum bo`lishicha, o`sha kechasi Furqatjonga kimdir 40 ta Anaprilin tabletkasini ichirgan ekan. uyqusi kelayotganini, boshi aylanayotganini aytishga ulgurgan Furqatjon (1990 yil 26-aprelda tug`ilgan) 16 sentyabrga o`tar kechasi vafot etadi.

Mazkur voqeadan keyin Furqatjonning onasi Zohidaxon opa ekspertizaga, Qo`qon shahar Ichki Ishlar Bo`limiga, Prokuraturaga, Portalga bir necha bor murojaat qiladi. Lekin ushbu tashkilotlarning birontasi ham o`lim holatini o`rganish tugul, ularga yozilgan arizalarni qabul qilmay kelmoqdalar.

Davlat idoralaridan hech qanday naf ko`rmagan onaizor jurnlistlarga chiqishni lozim topgan.

“Nima sababdan IIB bu masalada sukut saqlamoqda?
Nima sababdan xalq ishonchiga kirmoqchi bo`layotgan Davlat Portali yuborilgan arizalarga hanuz aniq bir javob bermayapti?
Nima sababdan ekspertiza xulosasi Zohidaxon opaga berilmayapti?

Bu ishda qanday sir borki, qo`qonlik bir hamyurtimizga dorilar berib o`ldirib yuborishaversa?

MA-News Agency Abdunazarov Furqatjonning o`limi kimga kerak bo`lib qolganini surishtirishda yordamingizga muhtoj. Ertaga siz va biz ham shunday dorilar ta`sirida o`lib ketavermasligimiz uchun bugun aniq javob talab qilishimiz kerak, azizlar. Furqatjonning bevaqt o`limiga izoh so`raymiz!” — deb qoldirgan edi muallif. 

Bugun mazkur —  “Qo`qonda sirli o`lim qotillari kimlar...” sarlavhali maqola yuzasidan Farg`ona viloyati prokuraturasi rasmiy bayonot berdi

Keltirilishicha, 2019 yil 16 sentyabr kuni Qo`qon shahar, Istiqlol ko`chasi, 65-uyda yashagan F.Abdunazarovni yashash xonadonida to`satdan vafot etganligi holati yuzasidan Qo`qon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazilgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida marhum F.Abdunazarovning o`limi tromboz kasalligi, o`pka arteriya qon tomirlarini tromboemboliyasi oqibatida o`tkir nafas va yurak qon tomir etishmovchiligi oqibatida kelib chiqqanligi ko`rsatilgan.

Shuningdek, marhum F.Abdunazarov hayotlik vaqtida tromboz, o`pka arteriyasini qon tomiri tromboemboliyasi bilan kasallanganligi, aynan shu kasallik uning o`limiga bevosita sabab bo`lganligi bayon etilgan. 

Marhumdan olingan qon namunalari tarkibidan dori vositalari topilmagan.

R.Tursunov va R.Irgashevlar 15.09.2019 yilda o`rtog`i F.Abdunazarov bilan birga soat 20-00 larda ko`rishib, birga pivo ichib o`tirishganligi, F.Abdunazarov mast bo`lib qolganligi sababli soat 23-00 larda R.Tursunov uni yashash xonadoniga olib borib tashlab kelganligi, F.Abdunazarov biror bir dori vositasi ist`emol qilmaganligini, ularning o`rtasida biror bir janjal bo`lmaganligini bildirishgan.

Tekshiruv natijalariga ko`ra, F.Abdunazarovning vafot etganligi holatida biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli 15.10.2019 yilda jinoyat ishi qo`zg`atish rad etilgan hamda bu haqda marhumning yaqin qarindoshlariga ma`lum qilingan.

Boshqa yangiliklar