AsosiyJamiyat

Davlat xizmatlari agentligi 2 yoshda!

'Davlat xizmatlari agentligi 2 yoshda!'ning rasmi

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi ikki yoshga to`ldi. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bu haqda o`zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali ma`lum qildi

“Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi...
Tezkor, shaffof, qulay xizmatlar...
Bugun bu shiorlar davlat xizmatlari markazlari faoliyatidan foydalanayotgan aholi uchun tanish bo`lsa kerak. Boisi bundan 2 yil avval O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Adliya vazirligi huzurida ulkan maqsadlar bilan yurtdoshlarimizning og`irini engil qilish uchun Davlat xizmatlari agentligi hamda respublikaning barcha hududlarida davlat xizmatlari markazlari tashkil etildi. Ushbu markazlar fuqarolarning xohish-istaklarini inobatga olib, mutlaqo yangi, sifatli xizmatlarni ko`rsatishga intilib kelmoqda.
Dastlab ushbu markazlar tomonidan 37 turdagi davlat xizmatlari ko`rsatilgan bo`lsa, hozirga kelib ularning soni 120 taga etdi. 2020 yilga qadar esa Markazlar orqali 160 dan ortiq davlat xizmatlarini ko`rsatish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, olis hududlarda yashovchi qishloq aholisi uchun mobil davlat xizmatlarini ham ko`rsatish yo`lga qo`yildi.
Tashrif buyuruvchilar uchun qulay, ko`rkam bo`lgan Davlat xizmatlari markazlarining 55 ta innovasion binosi foydalanishga topshirildi, 120 dan ortiq shunday binolar qurish ishlari jadal boshlab yuborildi, yil yakuniga qadar ushbu binolarning 70 ga yaqini topshirilishi rejalashtirilgan. Keyingi yilda esa barcha 200 dan ortiq tuman va shaharlarda eng zamonaviy binolar xalqimizga sifatli, shaffof va tezkor xizmat qilish uchun shay bo`ladi.

Bundan tashqari, xorijiy davlatlar tajribasi muntazam ravishda o`rganilib, sohani rivojlantirish uchun tatbiq etilmoqda.
Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining sa`y-harakatlari hamda ushbu sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida “Biznesni ro`yxatdan o`tkazish” ko`rsatkichi bo`yicha mamlakatimiz dunyo bo`yicha 8-o`rinni egalladi.
Shu bilan birga, xizmat ko`rsatishda biznes jarayonlarni maqbullashtirish, ochiqlik va mas`uliyatni oshirish yuzasidan ham ishlarimizni jadallashtiryapmiz.
O`tgan qisqa muddat ichida qilingan ishlar muhim. Shu bilan birga oldimizda juda katta vazifalar va marralar turibdi. Hali 10 ta qadamdan birinchisini bosdik desak,xato bo`lmaydi. Biz doimiy ravishda aholining talab va istaklarini inobatga olib, ularga davlat xizmatlari ko`rsatilishida va bu xizmatlardan butun jamiyat ahli mamnun bo`lishlari uchun keng imkoniyatlarni taqdim etishda davom etamiz.
Aholiga davlat xizmatlarini ko`rsatilishida o`zining hissasini qo`shib kelayotgan jamoa a`zolariga esa kelgusi ishlarida ulkan matonat va muvaffaqiyat tilaymiz. Bu vazifalarni bajarishda ularga halollik, tezkorlik va o`z kasbiga sodiqlik yor bo`lsin!” — deya samimiy tilaklar bilan o`z fikrini tugallagan vazir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar