Xabaringiz bor Feysbuk ijtimoiy tarmog`ida Bahodirxon Eliboev o`z sahifasi orqali Zohida opaning farzandi Abdunazarov Furqatjon sirli tarzda o`lgani haqida xabar bergandi. Shundan so`ng holat yuzasidan IIV rasmiy ma`lumot berdi.
Ayni paytda mazkur “Qo`qondagi sirli o`lim qotillari kimlar? Furqatjonni kim o`ldirgan? Onaizor adolat izlamoqda!” nomli maqolaga Farg`ona viloyati IIB Raddiya bermoqda.
“Farg`ona viloyati IIB Ahborot xizmati sizning mazkur maqolangizda keltirilgan vajlarni o`rganib chiqib, quyidagilarni aniqladi.
Siz “Facebook”dagi sahifangiz orqali 15 sentyabr kuni Furqatjon Abdunazarovni kimdir uyiga tashlab ketganligini, unga 40 ta anaprilin tabletkasini ichirganligini buning oqibatida 16 sentyabrga o`tar kechasi vafot etganligini keltirib, huquq tartibot organlarining holat yuzasidan o`rganish tugul, ularga yozilgan arizalarni qabul qilmay kelayotganini urg`ulagansiz.
Haqiqiy holatdan behabar tayyorlangan ushbu maqolangizning asossiz ekanligini quyidagi ma`lumotlar tasdiqlaydi. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida marhum Abdunazarov joriy yilning 15 sentyabr kuni soat taxminan 23:50 da yashash xonadoniga mast holatda o`rtog`i Tursunov tomonidan olib kelingan. 16 sentyabr, tongi soat 06:00 lar chamasida sog`ligi yomonlashib, yashash xonadonida vafot etgan.
Qo`qon tumanlararo sud-tibbiy ekspertizasining 9 oktyabrdagi xulosasiga ko`ra marhum Abdunazarovni tanasida biror bir tan jarohat aniqlanmagan.Marhumning o`limi tromboz kasalligi: o`pka arteriasini qon tomirlarini tromboemboliyasi oqibatida o`tkir nafas va yurak qon tomiri etishmovchiligi natijasida yuzaga kelganligi isbotlangan. Shuningdek, murdadan olingan qon na`munasida hech qanday dori vositalarining alomatlari topilmagan.
Huquq-tartibot organlari tomonidan yuqoridagi holatlar marhumning oila a`zolariga tushuntirilgan” deyiladi rasmiy xabarda.






