Buxoro viloyati Peshku tumanida moliyaviy piramida tashkil etgan shaxs aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uzʼga ma`lum qildi.
“Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Peshku tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, 1996 yilda tug`ilgan Sh.Z. mulkiy manfaat berish bo`yicha o`z zimmasiga majburiyat olish yo`li bilan fuqarolarning pul mablag`lari va mol-mulkini jalb etishga doir noqonuniy faoliyatini amalga oshirib kelgan. U joriy yilning yanvar oyidan noyabr oyiga qadar 21 kishining 633 ming 400 AQSh dollari va 22,5 million so`m pulini jalb etib, ularning oldida olgan majburiyatlarini yangi jalb etilgan pul mablag`lari hisobidan qisman bajarib, fuqarolarning 577 ming 400 AQSh dollari va 22,5 million so`mini qo`lga kiritgani aniqlandi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, u jinoiy faoliyati davomida qo`lga kiritgan mablag`larining asl xususiyati va manbasini yashirish maqsadida 153 million so`mga “Lada Vesta” rusumli avtomashina sotib olib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadini legallashtirgan.
Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Sh.Z.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






