“KESHNEWS” o`z sahifasida vohaliklarni tashvishga solayotgan ayni paytdagi masalani bildirdi:
“Siyosat qiziq jarayonda! Istalgan odamni "aqlli" qilib qo`yadi. Siyosatchining so`zlari muhokama qilinadi, lekin loy kechib yurgan qashqadaryolikka city’lar haqida ertaklar to`qiladi.
Saylovoldi munozara va uchrashuvlarda so`zga chiqqan, kasbi aslida "dollarchi" bo`lgan yigitcha ham aqlli-aqlli gaplarni gapirvorarkan. Qoyil qolmay iloj yo`q.
Xalq aqlli, pafoslarga to`lgan so`zlarga endi ishonmaydi. U oldida turgan nomzodga aniq savol qo`yishi, masalani hal qilishga kuchi etishiga ishongan nomzodgagina ovoz berishi lozim.
Qashqadaryoliklar taqdirini 10 kundan keyin o`zidan 5 yilga uzoqlashadigan odamga topshirmasligi lozim. Akmal aka qashqadaryodan saylanmasin, Aktam aka dehqonobodliklarga ishonmasin. Qashqadaryolik bugun keyingi 5 yilda xalq muammosi bilan yonida bo`ladigan nomzodga ovoz bersin!
Dardimizga sherik bo`ladigan, oddiy odamlar so`rashga botinolmagan savollarni hokimdan talab qiladigan, deputatlik so`rovini hisobot uchun emas, saylagan insonning manfaati uchun yuboradigan nomzodga beraylik.
Aktam aka (Hayitov), Akmal aka (Saidov) va boshqalar o`zlarining propiska qilingan joylari bo`yicha saylovlarda ishtirok etsalar yaxshi bo`lardi. O`shanda Qashqadaryoda bizning muammolarni tushunadigan, o`z boshidan o`tkazgan Ulug`beklar, Valisherlar saylangan bo`lar edi. Endi buni o`zgartirib bo`lmaydi.
Akmal Saidovni bilmadigu, Aktam Hayitov Qashqadaryoda tug`ilgan. Lekin ularning nomzodlari Qashqadaryodan ko`rsatilishi to`g`ri emas. Sababi ular muammolarimizni tushunishmaydi. Toshkentday katta shaharda issiqqina uyda yoki kabinetda o`tirib, kechasi sovuqdan qotib qolmaslik uchun o`tin qidirgan, kunduzlari propan zapravkada gaz balonini to`ldirish uchun navbat kutgan odamning muammosi haqida bosh qotirishlariga ishonmaymiz.
Bir necha kilometrdan eshakda suv tashib kelmagan, issiq joy deb ota-ona va qizu o`g`il farzandlar bir xonaga tiqilib yotmagan, benzinu gazga kunlab ochered kutmagan nomzod bizni tushunishiga ishonmaymiz”, — deyiladi Hayolparast_Tesha_bobo fikrlaridan rukni ostida.