AsosiyJinoyat

G`uzorda 7 sinf o`quvchisi 26 yoshli yigitni pichoqlab o`ldirdi. Voqea guvohlari nima deydi?

'G`uzorda 7 sinf o`quvchisi 26 yoshli yigitni pichoqlab o`ldirdi. Voqea guvohlari nima deydi?'ning rasmi

2019 yilning 8 yanvar kuni G`uzor tumanining «Chugurtma» qishlog`ida 13 yoshli bola qotillikka qo`l urdi. Voqea haqida «Daryo»ga shikoyat qilgan marhum Hasan Urinovning yaqinlari qotil bolaga otasi va akasi yordam berganini aytmoqda.

Voqea tafsilotlarini o`rgangan «Daryo» muxbiri Otabek Qo`ldoshevning yozishicha, qotillikka qo`l urgan 13 yoshli bola tumandagi 31-maktabning 7-sinf o`quvchisi bo`lgan.

— 2019 yil 8 yanvar kuni soat chamasi 14:30 larda qaynotamning uyiga keldim va qaynim—marhum Hasan Urinovdan molni kim boqadi, deb so`radim, — deydi Urinovlar oilasining katta kelini Gavhar Shabarova. – Qaynim «o`zim boqaman, faqat ketmay turing mollarni ko`chaga haydab chiqarishasiz», — dedi. Molni darvozadan chiqarayotganimizni ko`rgan qo`shnimiz Ch.T. ikki nafar o`g`illari — Q.Y. va S.Y.lar bilan yo`limizni to`sib, molni bu yoqda boqmasligimizni, er ularniki ekanligini aytdi va urush-janjal ko`tardi. Shunda men qo`shnimizga o`g`illarini uyiga olib ketishini, urush-janjal kerakmasligini aytdim. Ammo ular quloq solishmadi va qaynimni haqoratlay boshlashdi.

Gavhar Shabarova
Gavhar Sharabovaning aytishicha, marhum Hasan Urinov qo`shnilarining haqoratlashiga qaramasdan uning gapi bilan uyga kirmoqchi bo`lgan. Lekin Ch.T va uning o`g`illari unga «Erkakmisan, ayolmisan? Kel buyoqqa», — deya uni urishga undagan.

— Shuncha gapga qaramasdan qaynim uyga kirish uchun darvoza yoniga qaytdi, — deydi Gavhar Shabarova. – Ammo ular urishga da`vat etishda davom etdi. Va qaynimning yoniga yugurib borgan Ch.T. uning chap qo`lidan, o`g`li Q.Y. esa o`ng qo`lidan ushlab, 13 yoshli S.Y.ga qaynimni urushini, o`ldirishini tayinladi. Shunda 13 yoshli S.Y. qaynimga pichoq sanchdi.

Voqeaga guvoh bo`lgan Urinovlar oilasining ikkinchi kelini Norsuluv Kenjaeva ham marhum Hasan Urinov o`ldirilayotgan payt o`ng qo`lidan Ch.T, chap qo`lidan esa uning katta o`g`li Q.Y. ushlab turganini aytmoqda.

Qotillik sodir etilgan joy
— Qizimni shifokorga ko`rsatib kelib, ko`chaga chiqsam baqir-chaqir ovoz eshitildi. Borib qarasam, 3 nafar qo`shnimiz, ovsinim va qaynim urushayotgan ekan, — deydi Norsuluv Kenjaeva. – Shunda ularning yoniga bordim. Qaynimga pichoq urgan S.Y.ni ushlab qolishga harakat qildim. Ammo u meni itarib yubordi va chopib borib qaynimning ko`kragiga pichoq urdi. Qaynimni o`ldirishni unga otasi  Ch.T. buyurdi. O`g`liga «ur, o`ldir», degach o`g`li o`ldirdi. O`sha paytda qaynimning o`ng qo`lidan qo`shnimiz Ch.T. chap qo`lidan esa katta o`g`li Q.Y. ushlab turgandi. Qaynimda o`zini himoya qilish uchun imkon yo`q edi.

Voqea guvohlarining so`ziga ko`ra Hasan Urinov pichoqlangach, 3 nafar qo`shnisi ham qochib ketgan. Ma`lum muddat o`tgach esa Ch.T. qaytib kelgan va yordam berishini aytgan.

— Qaynimga pichoq urilgach, qo`shnimiz ikki o`g`li bilan qochib ketdi, qaynim esa bir muddat shok holatda turdi, — deydi Gavhar Shabarova. – So`ngra uning qo`lidan ushlab, darvoza tomon etakladim. Qaynim esa o`zini boshqarolmay, yiqildi. Qon judayam ko`p ketdi. Bir pas o`tgach, qo`shnimiz Ch.T. qaytib keldi va yordam berishini aytdi.

Gavhar Shabarova hamda Norsuluv Kenjaevalarning ma`lumot berishicha, marhum pichoqlangan payt uyda oila boshliqlaridan hech kim bo`lmagan. Marhum esa ancha payt pichoqlangan joyida qolib ketgan va ko`p qon yo`qotgan.

— Baqir-chaqir qilib, qo`shnilarni yordamga chaqirdik. Mashina topib shifoxonaga olib borishga harakat qildik, ammo qaynimiz ancha payt o`sha joyda qolib ketdi, aksiga olib uyda erkaklardan hech kim yo`q edi, — deydi oila kelinlari. – Qochib ketgan qo`shnimiz Ch.T. biroz vaqt o`tib qaytib keldi va qaynimning pichoqlangan joyini uqalab yordam berishga urindi. Ancha paytdan so`ng mashina topib, shifoxonaga olib ketishdi.

Marhum yaqinlarining aytishicha, uni shifoxonaga Ch.T. tanishining mashinasida olib ketgan. Ming taassufki, Hasan Urinov yarim yo`lga ham bormay jon bergan.

Shavkat Urinov
Foto: «Daryo»

— Men o`sha kuni ishda bo`lganman, otam ham Buxoroga ko`zini operasiya qildirish uchun ketgan bo`lgan, — deydi marhum Hasan Urinovning akasi Shavkat Urinov. – Uyda erkak kishi bo`lmaganidan foydalangan qo`shnimiz, ukamni o`g`illari bilan birgalashib, o`ldirgan.

Shavkat Urinovning fikricha, qotillik avvaldan rejalashtirilgan.

— Ukam rahmatliga sanchilgan pichoq, maxsus pichoq ekan, — deydi Shavkat Urinov. – Demakki, qotillik avvaldan rejalashtirilgan. Uyda erkak kishi yo`q payt sodir bo`lishi ham juda shubhali.

Navqiron o`g`lidan ajralgan oila boshlig`i Boynazar Urinov voqeadan so`ng salomatligini yo`qotgan. Hozirda to`shakka yotib qolgan.

— O`sha voqea sodir bo`lgan kuni tushdan so`ng uyga keldim. Kelsam, uyimizni IIB xodimlari bosgan, — deydi Boynazar Urinov. – Voqea haqida eshitgach, kelinlarimdan surishtirdim. Bilsam, ularni ham  tergovga olib ketishgan ekan.

Marhumning ota-onasi Boynazar Urinov va Zuhra Po`latova

Boynazar Urinovning ma`lum qilishicha, oilaning har ikkala kelini guvoh sifatida IIB xodimlari tomonidan voqea sodir bo`lgan kuni kechki payt soat 16:00 da olib ketilgan va 9 yanvar kuni tong azon soat 4 da qo`yib yuborilgan.

— O`sha kuni kech soat 16:00 da IIB xodimlari bizni olib ketishdi va ertasi kuni tong soat 4:00 gacha so`roq qilishdi, — deydi Norsuluv Kenjaeva. – Bor voqeani boricha aytdik.

Voqeaga guvoh bo`lgan kelinlarning aytishicha, ular aytgan ba`zi haqiqatlar guvoh ko`rsatmalari yozilgan qog`ozda tushirib qoldirilgan.

— Tong azon bizni shoshirib, «tong otyapti tezlashinglar», deb nimalardir yozilgan qog`ozga hatto o`qishga ham qo`ymay, imzo qo`ydirishdi, — deydi voqea ortidan so`roq qilingan kelinlar. — Biz  ham aytgan gaplarimiz yozildi deb imzo qo`yibmiz. Ammo keyinchalik bilsak, biz aytgan ko`rsatmalar o`zgartirilgan. Ya`ni qo`shnimiz Ch.T. «o`g`liga ur, o`ldir degan gapni aytgan», degan savolga bizni «yo`q o`ldir demadi, ur dedi», deb javob  berdi deb yozishgan. Ammo o`sha kungi so`roqda biz tergovchiga Ch.T. o`g`liga marhum Hasan Urinovni «ur, o`ldir» deganini aytgandik. Yana va yana aytamiz. Gapimizdan qaytish yo`q.

Pichoqlanish ortidan vafot etgan Hasan Urinov yaqinlarining  shikoyatiga ko`ra o`g`lini pichoqlagan 13 yoshli S.Y.ga qo`shilib, uning otasi Ch.T. va akasi Q.Y. ham voqea ishtirokchisi sifatida jazolanishi kerak.

— Barcha aybni voyaga etmagan bola bo`yniga qo`yib, o`zlari suvdan quruq chiqqan, — deydi Shavkat Urinov. – Holbuki, ukamni o`ldirishni buyurgan va o`ldirilayotgan payt qo`lidan ushlab, qotilga ko`maklashgan uning otasi Ch.T. bo`ladi. Shuningdek, qo`shnimizning katta o`g`li Q.Y. ham ukamning qo`lidan ushlab turgan. Ya`ni ular ham qotillikka ko`maklashgan. Lekin buni qarangki, ular o`sha kuniyoq qo`yib yuborilgan. Qani, adolat? Hali chimildiqqa ham kirmagan endigina uylanish niyatida yurgan 26 yoshli ukam o`lib ketyapti-yu, qotil voyaga etmagan deb Samarqanddagi 64-maktabga axloq tuzatish uchun yuborilyapti, otasi va akasi esa yallo qilib yuribdi. Shumi adolat?

Aytilishicha, qotilikka qo`l urgan 13 yoshli o`quvchi maktabda ham pichoq olib yurgan.

— Sinfdosh qizlarni pichoq bilan qo`rqitar ekan, — deydi Norsuluv Kenjaeva. – Hatto o`zi o`qigan 31-maktabdan tashqari 2-maktabga ham borib, o`quvchilarni pichoq bilan qo`rqitgan. Doimiy ravishda pichoq olib yurgan. Profilaktika inspektoriga «nega nazorat qilmagansiz?» desam, «men hammasini qanday nazorat qila olaman» deb gapni olib qochadi.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasining «Daryo»ga ma`lumot berishicha, 2019 yil 8 yanvar kuni haqiqatan ham «Chugurtma» qishlog`ida qotillik sodir etilgan. 1993 yilda tug`ilgan Hasan O`rinov qasddan o`ldirilganligi hodisasi yuzasidan G`uzor tumani prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni 2005 yilda tug`ilgan voyaga etmagan S.Y. sodir etganligi aniqlanib, jinoyat ishi O`zbekiston Respublikasi JPKning 345-moddasi talabiga ko`ra tegishliligi bo`yicha tergov harakatlarini tashkillashtirish uchun G`uzor tuman IIB huzuridagi tergov bo`limiga yuborilgan.

Jinoyat ishi bo`yicha viloyat IIB TB tomonidan tergov harakatlari olib borilib, ish bo`yicha ayblanuvchi S.Y. voyaga etmagani bois jinoyat ishi JPKning 84-moddasiga asosan tugatilgan.

Hozirda jinoyat ishini tugatish qarori bekor qilinib, O`zbekiston Respublikasi IIV Tergov departamenti tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar