AsosiyJamiyat

Qonun imzolandi. Bolalarni bog`chaga 3 yoshdan qabul qilish o`zgarishsiz qoldi

'Qonun imzolandi. Bolalarni bog`chaga 3 yoshdan qabul qilish o`zgarishsiz qoldi'ning rasmi

“Maktabgacha ta`lim va tarbiya to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan, maktabgacha ta`lim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo`nalishlari, shuningdek, maktabgacha ta`lim va tarbiya olishga doir davlat kafolatlari aniq belgilab berildi.

Xususan, davlat har bir bolaning umumiy o`rta ta`lim tashkilotiga o`qishga kirishidan bir yil oldin davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarida umumiy o`rta ta`limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o`tishga bo`lgan huquqini kafolatlaydi.

Qonunga muvofiq, maktabgacha ta`lim tashkiloti davlat va nodavlat tashkiloti bo`lishi mumkin.

Maktabgacha ta`lim tashkilotlari quyidagi turlarda tashkil etiladi:

* umumiy turdagi maktabgacha ta`lim tashkiloti;

*ko`p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta`lim tashkiloti;

* inklyuziv guruhlarga ega maktabgacha ta`lim tashkiloti;

* qo`shma turdagi maktabgacha ta`lim tashkiloti

shuningdek, Qonunga muvofiq, maktabgacha ta`lim tashkilotlarida o`quv yili 2 sentyabrdan 31 maygacha, yozgi sog`lomlashtirish davri 1 iyundan 31 avgustgacha bo`lgan davrni o`z ichiga oladi.

Maktabgacha ta`lim tashkilotlaridagi guruhlar ularda bolalarning bo`lishi davomiyligiga qarab:

* bolalar qisqa vaqt bo`ladigan guruhlar (kuniga 3–4 soat);

* to`liq kunli guruhlar (kuniga 9, 10,5 va 12 soat);

* bolalar kechayu kunduz bo`ladigan guruhlar bo`lishi mumkin.

 Maktabgacha ta`lim tashkilotlarining:

* bolalar 3–4 soat bo`ladigan guruhlarida – kunduzgi uyqu tashkil etilmaydi va bir martalik ovqatlantirish tashkil etilishi mumkin;

* bolalar 9–10,5 soat bo`ladigan guruhlarida – uch martalik ovqatlantirish tashkil etilishi va kunduzgi uyqu uchun sharoitlar yaratilgan bo`lishi kerak;

* bolalar 12 soat bo`ladigan guruhlarida – to`rt martalik ovqatlantirish tashkil etilishi va kunduzgi uyqu uchun sharoitlar yaratilgan bo`lishi kerak;

* bolalar kechayu kunduz bo`ladigan guruhlarida – kunduzgi va tungi uyqu hamda besh martalik ovqatlantirish tashkil etilishi uchun sharoitlar yaratilgan bo`lishi kerak.

 Umumiy turdagi davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarida guruhlar tegishli ravishda quyidagi miqdorda to`ldiriladi:

* uch yoshdan etti yoshgacha bo`lgan bolalar guruhlarida – ko`pi bilan o`ttiz nafar bola;

* bolalar qisqa vaqt bo`ladigan guruhlarda – ko`pi bilan o`ttiz nafar bola;

* turli yoshdagilar guruhlarida – ko`pi bilan yigirma besh nafar bola;

* bolalar kechayu kunduz bo`ladigan guruhlarda – ko`pi bilan o`n nafar bola.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar