Navoiy shahri hokimining yangi qaroriga asosan oilaviy yotoqxonalarda yashovchilar uyiga mehmon olib kelsa, mehmon uchun ham alohida pul to`lashi joriy etilgani xabar qilingan edi. Ushbu holatga Navoiy viloyati adliya boshqarmasi munosabat bildirdi.
Unga ko`ra, Navoiy shahar hokimining 2019 yil 13 noyabrdagi Q-907-sonli “Navoiy shahar hokimligi tasarrufidagi yotoqxonalardan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilingan.
Qaror loyihasi 16.10.2019 yilda Navoiy shahar adliya bo`limi tomonidan huquqiy ekspertizadan o`tkazilib, qonunchilik texnikasi talablariga muvofiqlashtirish uchun qaytarilgan.
Shuningdek, qaror loyihasi qayta taqdim etilgandan so`ng Navoiy shahar adliya bo`limi tomonidan 22.10.2019 yilda ijobiy xulosa berilgan.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Navoiy shahar hokimligiga qarashli yotoqxonalardan foydalanish bo`yicha nizom”ning 16-bandiga asosan ijaraga oluvchining xonasiga mehmon bo`lib kelgan yaqin qarindoshlari yotoqxonada to`rt soatdan ortiq bo`lgan muddatda qolgan taqdirda yotoqxonada qolgan har bir kun uchun 3.000 (uch ming) so`m miqdorida to`lov to`lanishi belgilangan.
Mazkur to`lov yotoqxonalar o`zini-o`zi moliyalashtirishi, qilinadigan sarf-xarajatlar hisob-kitoblari (kalkulyasiya) hamda mehmon kelgan taqdirda vujudga kelishi mumkin bo`lgan kommunal xarajatlarni qoplash maqsadida joriy qilingan.
Ushbu vaziyatda yotoqxonani ijaraga oluvchilar va ma`muriyat o`rtasida vujudga kelgan nizoli holatni bartaraf etish maqsadida Navoiy viloyat adliya boshqarmasi tomonidan 2019 yil 10 dekabr kuni Navoiy shahar hokimining qarorini tegishli tartibda muvofiqlashtirish yuzasidan 12-06-3/752-2-sonli taqdimnoma kiritildi.
Mazkur taqdimnomaga javoban, Navoiy shahar hokimining 2019 yil 11 dekabrdagi Q-956-son qarori bilan yuqoridagi nizomning 16-bandiga o`zgartirish kiritilib, ijaraga oluvchining xonasiga kelgan mehmon bir kundan ortiq muddatga qolgan taqdirda har bir kun uchun 3.000 (uch ming) so`m miqdorida to`lov to`lanishi belgilandi.
Shunga ko`ra, endi ijaraga oluvchining yaqin qarindoshlari yotoqxonaga kirishidagi cheklov olib tashlandi, shuningdek boshqa shaxslarning mehmon bo`lib kelish muddati to`rt soatdan bir kunga uzaytirildi.
Shuningdek, “Vaqtinchalik yotoqxonada yashayotgan fuqaroning uyiga mehmon kelsa, u o`sha xonadonda vaqtinchalik kommunal to`lov asosida yashayotgan TO`LOVChIning (xonadon sohibi emas) mehmoni hisoblanadi, Uy-joy va yotoqxonalardan foydalanish boshqarmasi uchun esa mehmon ham TO`LOVChI” , — deyiladi rasmiy xabarda.