Toshkent metrosining Yunusobod yo`nalishi qurilishi vaqtida ro`y bergan er o`pirilishi hodisasi oqibatida kamida uch kishi halok bo`lgani tasdiqlandi. Bu haqda Kun.uz’ ichki ishlar vazirligi tizimidagi manbaga tayanib xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, avvalroq tuproq ostidan ikki kishining jasadi chiqarib olingandi, qidiruv-qutqaruv ishlari davomida yana bir kishining jasadi topilgan.
Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoev topshirig`iga ko`ra, Yunusoboddagi avariya oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha hukumat komissiyasi tuzilgan. Bosh vazir o`rinbosari Ochilboy Ramatov raisligidagi komissiyaga sodir bo`lgan hodisa sabablarini va oqibatlarini joyida o`rganish, hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila a`zolariga yordam ko`rsatish hamda boshqa bir qator vazifalar yuklangan.
Eslatib o`tamiz, bugun, 18 dekabr kuni soat 10:00 atrofida Toshkent metropolitenining Yunusobod yo`nalishi qurilishining ochiq uchastkasida tuproq o`pirilishi ro`y berdi. Jabrlanganlar bo`yicha SSV rasmiy xabar bergandi. Hozircha, tuproq ostida jami necha kishi qolib ketgani haqida ma`lumot yo`q. Biroq ayrim manbalar 20 nafardan ortiq ishchining qolib ketganini aytmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi yaqin vaqtlar ichida hodisa oqibatlari haqida rasmiy ma`lumot berishi kutilmoqda.






