Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyatdagi oliy o`quv yurtlari talabalari uchun stipendiya ta`sis etdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Viloyat hokimi viloyatdagi oliy o`quv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlar orasidan o`zining yuksak iqtidor va qobiliyatini namoyon eta oladigan, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo`sha oladigan fidoyilarni izlab topish, ularni qo`llab-quvvatlash, ilm-fan, san`at, sport va boshqa yo`nalishlarda respublika va xalqaro darajadagi yutuqlar ko`lamini kengaytirish, sog`lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida stipendiya tanlovi tashkil etdi.
Viloyat hokimligi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, oliy o`quv yurtlari hamkorligida o`tkaziladigan tanlov g`olibi oliy o`quv yurtini tamomlagandan so`ng o`z mutaxassisligi bo`yicha ish bilan ham ta`minlanadi.
– Viloyat hokimining ushbu tashabbusi oliy o`quv yurtlari talabalari tomonidan xursandchilik bilan kutib olindi, – deydi Andijon mashinasozlik instituti prorektori Akmaljon Ermatov. – Viloyat hokimi stipendiyasi talabalarimizni yanada puxta bilim olishga, yuksak marralarni egallashga, faol va fidoyi bo`lishga undaydi. Qolaversa, ular o`rtasida erkin va ijodiy raqobatni shakllanishiga yordam beradi.
Bundan buyon “Viloyat hokimi stipendiyasi” tanlovi g`olibi bo`lgan talabalar nafaqat stipendiya sohibi bo`ladi, balki o`zlari uchun ish o`rnini ham ta`minlab oladi.