Joriy o`quv yilida Urganch davlat universitetida Germaniyaning Vaynshtefan amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda ochilgan“Agrar menejment”qo`shma magistratura dasturi Evropaning nufuzli xalqaro akkreditasiya tashkilotlaridan biri ACQUIN (Akkreditasiya, sertifikasiya va ta`lim sifatini ta`minlash instituti) tomonidan akkreditasiyadan o`tkazilib, xalqaro ta`lim standartlariga muvofiqligi tasdiqlandi. Bu haqda darakchi.uzga Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
Xalqaro akkreditasiya jarayonidan muvaffaqiyatli o`tgan Urganch davlat universitetining “Agrar menejment” magistratura mutaxassisligida o`quv jarayoni 1,5 + 0,5 tartibi asosida tashkil etilib, dastlabki 3 semestridagi barcha o`quv fanlarni to`liq o`zlashtirgan talabalar oxirgi semestrda Germaniyaning Vaynshtefan amaliy fanlar universitetida bepul o`qish hamda bir vaqtni o`zida ikkala universitetning ham diplomlarini olish imkoniyatiga ega bo`ladilar.
Akkreditasiya davomida xalqaro ekspertlar UrDUdagi mazkur magistratura mutaxassisligida o`quv jarayoni bilan bog`liq barcha jihatlarni o`rganib chiqishdi:
- har bir fan va modulning mazmuni;
- moddiy-texnik ta`minoti;
- mahalliy va xorijiy professor-o`qituvchilarning kompetentligik darajasi;
- magistrlik dissertasiyalar mavzulari va ularning sifatini belgilovchi mezonlar;
- yirik ish beruvchi korxona va tashkilotlar bilan aloqalarning o`rnatilgani, bitiruvchilarni ishga joylashishi imkoniyatlari.
ACQUIN UrDU va Vaynshtefan amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikdagi “Agrar menejment” qo`shma magistratura dasturiga 2023 yilgacha bo`lgan davrda amal qilish muddatiga ega sertifikat berdi.
Hozirda Germaniya bilan hamkorlikda tashkil etilgan magistratura mutaxassisligida 6 nafar talaba tahsil olmoqda.
Ma`lumot uchun, ACQUIN o`z navbatida EQAR – European Quality Assurance Register for Higher Education xalqaro akkreditasiya tarmog`ining a`zosi bo`lib, hozirgi kungacha dunyoning 197 ta oliy ta`lim muassasalarida turli dasturlarni akkreditasiya jarayonidan o`tkazgan nufuzli akkreditasiya agentliklaridan biri hisoblanadi.