Avvalroq, Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi 26-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabi direktori O.X. o`qituvchi N.Y.ni ushbu maktabdan ishdan bo`shatmaslik evaziga ta`magirlik yo`li bilan 2 mln. so`mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani haqida xabar bergan edik.
Mazkur holatga nisbatan Surxondaryo viloyat xalq ta`limi boshqarmasining munosabati taqdim etildi.
Unga ko`ra, haqiqatdan ham joriy yilning 11 dekabr kuni Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi 26-sonli maktab direktori O.N maktabning matematika fani o`qituvchisidan pora olayotgan vaqtda Angor tuman prokuraturasi qoshidagi departament xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida qo`lga olingan.
Unga nisbatanO`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-modda 1-qismi bilan qayd etilgan jinoyatni sodir etganligi uchun jinoyat ishi ochilib, mazkur holat yuzasidan tergov surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
«Viloyat xalq ta`limi boshqarmasida mazkur holat muhokamasi va shu kabi jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan boshqarma rahbariyati va barcha xodimlari hamda tuman-shahar xalq ta`limi bo`limi rahbarlari ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tdi. Shuningdek yig`ilishda bu kabi illatlarni keskin bartaraf etish bilan bir qatorda, kelgusida sodir etilishining oldini olish yuzasidan chora-tadbir belgilash, soha hodimlari o`rtasida keng tushuntirish ishlari olib borish bo`yicha topshiriqlar berildi», — deyiladi rasmiy munosabatda.