20 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “O`zbekiston Respublikasining bugungi kun ichki va tashqi siyosatidagi ustuvor yo`nalishlar” mavzusida davra suhbati bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun AQSh, Evropa, Osiyo mintaqasi va MDHga a`zo 20 dan ziyod davlatdan kelgan 100 nafardan ortiq tahliliy tuzilmalar, ijtimoiy-siyosiy doiralar vakillari ishtirok etdi.
Xorijiy ekspertlar O`zbekistondagi yangilanish jarayonlariga yuqori baho berib, Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bilan bog`liq sa`y-harakatlar o`ziga xos xususiyatga ega ekanligini, xususan, uning jamiyat va davlat hayotidagi barcha sohalarni qamrab olganligini alohida e`tirof etishdi.
Tojikiston siyosatshunoslar milliy assosiasiyasi direktori A.Mamadazimov saylov qonunchiligining takomillashtirilishi natijasida fuqarolarning fundamental huquq va erkinliklari ta`minlanishi mustahkamlanganligiga alohida to`xtalib o`tdi. Uning ta`kidlashicha, dunyoning ayrim davlatlarida saylovchilarning huquqlari cheklanayotgan bir paytda, O`zbekistonda saylov jarayonlarini avvalo inson manfaatlariga xizmat qilishga qaratilayotganligi olib borilayotgan keng ko`lamli islohotlar natijasidir. Endilikda O`zbekistonda jazoni o`tash muassasalaridagi uncha og`ir bo`lmagan jinoyat sodir qilgan mahkumlarga ham saylash huquqidan foydalanish uchun imkon yaratildi.
Ekspertning so`zlariga ko`ra, bugungi kunda O`zbekistonda amalga oshiralayotgan islohotlar va demokratlashtirish jarayonlarining “ijobiy to`lqini” barcha Markaziy Osiyo davlatlariga tarqalmoqda. A.Mamadazimov, O`zbekistondagi yangilanish va o`zgarishlar Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy vakillari tomonidan olqishlanayotganligini alohida ta`kidlab o`tdi. Uning fikricha, O`zbekiston Prezidentining tashabbuslari bugungi kunda Yaponiya imperatorlar saroyida ham e`tirof etilmoqda, bunga yorqin misol – O`zbekiston rahbarining Yaponiyada yuqori darajada tashkil etilgan tashrifi.
Rossiyaning Evrosiyo tadqiqotlar markazi direktori A.Rusakov O`zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli siyosiy islohotlarni e`tirof etib, ular eng avvalo parlamentning hokimiyat tizimidagi o`rnini mustahkamlashi va partiyalarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishini alohida ta`kidlab o`tdi.
Ekspert fikricha, siyosiy institutlarning mavqeini oshirish bugun MDH hududidagi barcha davlatlar uchun dolzarbligiga qaramasdan, qabul qilinayotgan qarorlar va sa`y-harakatlar sezilarli natijalar ko`rsatmayapti. Shu tufayli rossiyalik siyosatshunosning fikriga ko`ra, bugun O`zbekiston siyosiy islohotlarni amalga oshirishda o`zining ijobiy tajribasiga asos solishga barcha imkoniyatlarga ega.
Belgiya parlamenti sobiq senatori A.Destekshe o`tkazilayotgan saylov jarayonlariga yuqori baho berib, tubdan yangilanayotgan O`zbekistonning qo`yidagi muhim jihatlariga alohida e`tibor qaratdi: 1) iqtisodiyotning liberallashtirilayotganligi va biznes doiralar uchun O`zbekistonning jozibadorligining oshayotganligi; 2) mintaqada o`zaro hurmat va tushunishga asoslangan yangi siyosiy muhitning shakllanishida asosiy etakchi “markazga” aylanayotganligi; 3) dunyoning etakchi davlatlari bilan munosabatda samarador tashqi siyosatni olib borayotganligi; 4) so`z erkinligi va qonun ustuvorligida namoyon bo`layotgan tamoman yangi siyosiy muhit shakllanganligi.
MDH Ijro qo`mitasi axborot-tahlil departamenti direktori A.Zavarzin fikricha, O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy natijalari Prezident Sh.Mirziyoevning davlatning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi masalalari bo`yicha chuqur bilim va yuksak malakaga ega ekanligidan dalolat beradi. O`zbekiston xalqi va hukumati qisqa vaqt mobaynida bugun dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinayotgan haqiqiy demokratik yo`lni bosib o`tishdi.
Pokiston global strategik tadqiqotlar markazi direktori X.Taymur, O`zbekistonning iqtisodiy salohiyatini alohida e`tirof etib, so`nggi uch yilda olib borilgan islohotlarga alohida to`xtalib o`tdi. Ekspertning so`zlariga ko`ra, nafaqat bir davlat miqyosida rivojlanishni balki butun mintaqa rivojlanishini nazarda tutuvchi ushbu islohotlar bugun dunyoda O`zbekistonning yangi iqtisodiy modeli sifatida e`tibor qozonmoqda. Pokiston vakili O`zbekiston Prezidentining qisqa vaqt davomida Markaziy Osiyoda uzoq muddatga asoslangan rivojlanish tizimini shakllantira olganligini alohida ta`kidlab o`tdi.
X.Taymur rasmiy Islomobod O`zbekistonning xalqaro maydondagi barcha tashabbuslarini, jumladan Afg`oniston yo`nalishidagi takliflarini qo`llab-quvvatlashini aytdi. Ekspert Afg`oniston bo`yicha Toshkentda o`tkazilgan xalqaro konferensiya O`zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoevning katta yutug`i ekanligi va uning Afg`oniston muammolarini hal etishga qaratilgan siyosiy muzokaralarning boshlanishida o`ta muhim turtki bo`lganligini alohida ta`kidlab o`tdi. X.Taymur O`zbekistonning mintaqalar o`rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni amalaga oshirish bo`yicha takliflarini muhim deb hisoblaydi. Shu munosabat bilan u O`zbekistonning “Mozori-Sharif – Hirot” temir yo`lini qurish bo`yicha tashabbusiga Pokiston katta qiziqish bildirayotganini aytdi.






