Ayni damda Farg`ona viloyatidagi saylov uchastkalarida ovoz berish ishlari davom etmoqda, deya xabar berdi O`zA. Oltiariqlik O`zbekiston Qahramoni, “Nurli obod” fermer xo`jaligi rahbari Lolaxon Murotova ham o`z hududi — “Qapchug`ay” mahalla fuqarolar yig`inidagi 853-saylov uchastkasiga kelib, o`zi munosib bilgan nomzodlar uchun ovoz berdi.
– Bu yil yangicha saylovlar bo`lyapti, 5 ta siyosiy partiyalarning ishtirok etayotgani, raqobatni kuchaygani va xalqimizni bu jarayonga befarq emasligi ham buni ko`rsatib turibdi, – deydi O`zbekiston Qahramoni Lolaxon Murotova. – Halqimiz o`z huquqidan foydalanib, o`zi tanlagan, o`zi munosib bilgan nomzod uchun ovoz bermoqda. Men ham ertangi kunimga befarq emasman. Yurtimizning tinchligi, xalqimizning farovonligi uchun ovoz berdim. O`zim ham ilk marta 1980 yilda viloyat kengashi deputatligiga nomzod sifatida ko`rsatilib, saylanganman. Mustaqillikdan keyin ham 2 marta viloyat kengashi deputati bo`ldim. Deputatlikning yuki nihoyatda og`ir. Xalqning ishonchini oqlash uchun tinimsiz mehnat qilish kerak.






