21 dekabr kuni Toshkent viloyati Bo`stonliq tumanida “Amirsoy” tog`-chang`i kurortining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Tadbirni O`zbekiston Respublikasi Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi.
“Amirsoy” majmuasini ishga tushirish uchun Italiya, Germaniya, Avstriya, Argentina, Ispaniya va Daniya kabi davlatlardan etakchi loyihachi kompaniyalar jalb etilib, tog`-chang`i kurorti majmuasi zamonaviy jahon standartlari asosida qurib bitkazildi. Tog`-chang`i kompleksi joylashuv jihatidan qulay hududda tashkil etilgan bo`lib, dam olish maskanining faoliyati uchun yuqori sifatli asbob-uskunalar, jihozlar keltirilib o`rnatilgan, bu esa, o`z navbatida, mehmonlar xavfsizligini ta`minlash va ularga qulay sharoit yaratishga qaratilgan. Ushbu loyiha sohada katta tajribaga ega Andorraning “PGI Management” kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi.
Aytish joizki, investorlarning 80 million evro mablag`lari jalb etilgan mazkur kurort sifati bo`yicha hamda qor sifati bo`yicha dunyodagi eng yaxshi tog`-chang`i kurortlar safiga kiradi”, - dedi Aziz Abduhakimov.
Tadbirda san`at vakillari ishtirokida tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Xalq polvonlarining folklor shousi hamda Baxriddin Chustiy boshchiligidagi eng taniqli oshpazlar guruhidan taqdim etilgan “Katta palov” tadbirga milliy shukuh bag`ishladi.
“Amirsoy” loyihasi bo`yicha 2018 yildan buyon 892 gektar maydonda keng ko`lamli qurilish ishlari olib borilib, u 580 o`ringa mo`ljallangan. “Amirsoy”ni qurish ishlariga eng ilg`or va innovasion texnologiyalar jalb qilingan bo`lib, kurort loyihasi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich - 2019 yilning IV choragida, ikkinchi bosqichi esa 2022 yilning III choragida bitkazilishi rejalashtirilgan.
Ayni vaqtda loyihaning birinchi bosqichi yakunlanib, “Amirsoy” dam olish maskanining keng jamoatchilik uchun ochilishga tayyor holatga keltirilgan. Loyihaning “G`arbiy Amirsoy” deb nomlangan ikkinchi bosqichi esa 2022 yilning uchinchi choragida yakunlanishi va ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.






