Xalqaro matbuot markazida Tashqi ishlar vazirining birinchi o`rinbosari Ilhom Ne`matov ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Qayd etilganidek, xorijiy davlatlarda 55 saylov uchastkasi tashkil etilgan.
Vladivostokda Toshkent vaqtiga qaraganda besh soat oldin saylov uchastkasi ochilib, ovoz berish boshlangan.
Xorijiy davlatlarda hududiy doirasi inobatga olingan holda saylov uchastkalari tashkil etilgan. Masalan, Rossiya hududi kattaligi, ushbu mamlakatda ko`plab o`zbekistonliklar ta`lim olayotgani, mehnat qilayotgani sababli 8 saylov uchastkasi tashkil etilgan.
I. Ne`matovning qayd etishicha, ilgari har bir mamlakatda bitta saylov uchastkasi bo`lgan va saylovchilarga ovoz berishda muammo tug`dirgan. Qolaversa, shunchaki ishlab yurganlar saylovga jalb etilmagan. Hozirgi kunda saylov uchastkalari ko`paytirilishi bilan bir qatorda ko`chma ovoz yig`ish mexanizmidan ham foydalanilmoqda. Eng muhimi, xorijda yurgan, saylash huquqiga ega hech bir fuqaro e`tibordan chetda emas.
Kunning birinchi yarmigacha 1,4 mingga yaqin xorijdagi yurtdoshlarimiz saylovda ovoz bergan.
AQShning Nyu-York va Vashington shaharlarida Toshkent vaqti bilan 18.00 da saylov uchastkalari ochiladi.
Shunday qilib, Vladivostokda boshlangan ovoz berish jarayoni Amerikada nihoyasiga etadi.






