Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda bir audio tarqaldi. Unda ikki ayolning bog`cha bolalarini zaharlash uchun reja tuzayotganliklari suhbati aks etgan. Ularning ushbu harakati o`zlariga ma`lum bo`lgan qaysidir MTM ma`muriyatidan o`ch olish maqsadida amalga oshirilayotganligi aytilgan. Ushbu audioxabar intenet tarmog`iga chiqishi bilan juda katta muhokamalarga sabab bo`ldi. Shunga ko`ra, holat tezkor o`rganildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Aniqlanishicha, 2019 yil 20 dekabr kuni fuqaro S.Karimqulova tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilgan. Arizasida 2019 yilning 16-17 dekabr kunlari jiyani Nargiza orqali Sultonova Feruza bilan tanishganini, u bilan jiyani Nargiza ishga qanday tiklash yuzasidan maslahat so`raganini, unga 6-sonli maktabgacha ta`lim muassasasi mudirasi Dilfuza va tuman MTM bo`limi boshlig`i Mixlieva Nilufarda adovati borligini bayon qilgan. Shuningdek, o`z arizasida Nilufarning ustidan bir necha joylarga murojaat qilganini va bog`chadagi bolalar zaharlansa tekshirish bo`lib, ularning barchasini ishdan olib tashlashini va jinoyat ishi qo`zg`atilishini aytgan. Bekobod shahrida doimo bolalar zaharlanayotganini, aynan go`shtga dori qo`shishni, undan dori nomini bilib berishni so`raganini, bolalar engil zaharlanib, kasalxonaga murojaat qilishliklarini va shov-shuv ko`tarilib, barcha ishdan ketishini aytgan. Feruza Sultonovaning bu ishlari noqonuniy ekanligi sababli unga nisbatan qonuniy chora ko`rishini so`ragan.
Mazkur holat yuzasidan so`ralgan Sultonova Feruza o`z tushuntirish xatida, 2019 yilning boshlarida uning uyiga Sojida ismli ayol, jiyani Nargiza bilan izlab kelgani, u uyda bo`lmagani sababli onasidan uning telefon raqamini olib, unga telefon qilganini va u bilan Bekobod tumani Zafar shaharchasida uchrashganini, Sojida unga MTM bo`limi boshlig`i N.Mixlievada adovati borligini va uni ishdan bo`shatmoqchi ekanini aytgan. Shuningdek, u Sojidaga N.Mixlievaning ustidan turli idoralarga ariza bilan murojaat qilganini, Sojidani uning oldiga N.Mixlieva yuborganidan shubhalanib, Sojidani N.Mixlieva yollagan deb o`ylab, uni sinash uchun bog`chadagi bolalar zaharlansa, ularning barchasi ishdan ketishini aytganini va Sojidani keyingi harakatlarini bilib olmoqchi bo`lganini, aslida hech kimni zaharlash niyati bo`lmaganini bayon qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Bekobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, natijalari bo`yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi.






