Xabaringiz bor, kuni kecha yurtimizda muhim siyosiy jarayon — deputatlik saylovi bo`lib o`tdi. Kun davomida saylov uchastkalaridagi mavjud vaziyatlar va kutilmagan holatlar bo`yicha axborotlar berib borildi.
Xususan, Qashqadaryo viloyati Koson tumanida deputatlikka nomzodlardan majburan ariza yozdirib olinayotgani bo`yicha xabar tarqaldi.
Shuningdek, bloger Xushnud Xudoyberdiev ijtimoiy tarmoqdagi kanali orqali Yashnobod tumani hokimligining saylovga aralashayotganlik holati aks etgan fotofaktlarni e`lon qildi.
Bosh prokuratura mazkur xabarlarda aks etgan holatlar bo`yicha tekshiruv boshlanganini ma`lum qildi.
“2019 yilning 22 dekabr, ya`ni parlament Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlariga o`tkazilgan saylovlar kuni Internet tarmog`ida ayrim hududlarda saylovlar o`tkazilishida qonun buzilish holatlari sodir etilayotganligi haqida ma`lumotlar e`lon qilindi.
Xususan, Qashqadaryo viloyati Koson tumani xalq deputatlari Kengashi deputatligiga nomzodi ko`rsatilgan shaxslarni o`z nomzodlarini qaytarib olishga majburlash, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 10, 23 va 142-sonli saylov uchastkalari ishiga noqonuniy aralashish hamda okrug va uchastka saylov komissiyalariga Toshkent shahri Yashnobod tumanida ovozlarni sanab chiqish bo`yicha yakuniy bayonnoma nusxasini to`ldirish va bayonnoma nusxalarini hech kimga tarqatmaslik yuzasidan g`ayriqonuniy ko`rsatma berilishi bilan bog`liq ma`lumotlar tarmoq orqali tarqatilib, keng jamoatchilik orasida muhokamaga sabab bo`ldi.
Markaziy saylov komissiyasidan yuqorida keltirilgan ma`lumotlar tegishli tartibda ko`rib chiqish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi.
Shu munosabat bilan, tajribali prokuror-tergov xodimlaridan iborat maxsus guruhlar shakllantirilib, mazkur xabarlarning har biri sinchkovlik bilan har tomonlama o`rganilmoqda.
Bu borada Markaziy saylov komissiyasi bilan yaqindan hamkorlik o`rnatilib, tezkor ma`lumotlar almashinuvi yo`lga qo`yilgan.
Tekshirishlar natijasiga ko`ra xabar beriladi”, — deyilmoqda rasmiy bayonotda.






