AsosiyJamiyat

“Toshkentda IIV binosi qo`lga olindi” deyilayotgan xabarga aniqlik kiritildi

'“Toshkentda IIV binosi qo`lga olindi” deyilayotgan xabarga aniqlik kiritildi'ning rasmi

Joriy yilning 16 dekabr kuni internet tarmog`ining “Asiaterra.info” saytida va “Facebook” ijtimoiy tarmog`ining “Aziaterra.info” sahifasida “Toshkentda IIV binosi “qo`lga olindi” sarlavhali xabar chop etildi. Mazkur xabar yuzasidan Ichki ishlar vazirligining Axborot xizmati quyidagilarni ma`lum qiladi:

Aniqlanishicha, 2019 yilning 15 dekabr kuni soat 14:00larda 21.01.1957 yilda Andijon viloyatida tug`ilgan Urlaeva Elena Mixaylovna, 24.06.1958 yilda tug`ilgan, Toshkent shahar Sergeli tumani Sergeli-5 mavzesi 13-uy 36-xonadonda yashovchi Axmedyanov Midat Nigmatovich va 15.05.1971 yilda tug`ilgan, Toshkent shahar Chilonzor tumani 5-mavze 37-uy 3-xonadonda yashovchi Shakirova Venera Garifovnalar IIV Markaziy apparatining “Fuqarolar qabulxonasi” binosi oldida o`z muammolarini namoyishkorona ko`rsatish maqsadida 4 dona plakatni ko`targan holda fotosuratga tushganlar.

Shundan so`ng ushbu fuqarolar vazirlik “Fuqarolar qabulxonasi”ga taklif etilgan hamda ularning murojaatlari vazirlikning tegishli sohaviy xizmat rahbarlari va mas`ul xodimlari tomonidan qabul qilingan.

Ta`kidlash joizki, hozirgi kunda davlatimizda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash ustuvor yo`nalish hisoblanib, Ichki ishlar vazirligi tomonidan fuqarolarga o`z murojaatlarini bildirishda qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida vazirlikning “Fuqarolar qabulxona”si IIV binosining tashqi qismida, zamon talablariga mos tarzda xizmat ko`rsatib kelmoqda.

Shuningdek, “Toshkentda IIV binosi “qo`lga olindi” sarlavhali xabarda fuqaro E.M.Urlaeva muqaddam Mirzo Ulug`bek tumani bo`yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga o`ziga tegishli bo`lgan hujjatlar boshqa ayol tomonidan o`zboshimchalik bilan olib qo`yilgani haqidagi murojaati yuzasidan chora ko`rilmayotganligi ko`rsatib o`tilgan.

Ma`lum bo`lishicha, 2019 yil 27 noyabr kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumani bo`yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi navbatchilik qismiga «102» xizmat raqami orqali fuqaro E.M.Urlaevaning fuqaro T.M.Po`latovadan hujjatlarini qaytarib olib berish masalasida murojaati kelib tushgan. Ushbu murojaat tegishli tartibda ro`yxatdan o`tkazilib, tuman bo`yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 1-son IIB mas`ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan.

Surishtiruv ishlari davomida quyidagilar:

– fuqaro E.M.Urlaeva 2001 yildan Toshkent shahar Ruhiy asab kasalliklar dispanserida “Paranoid shizofreniyasi. Paranoid sindromi” tashxisi bilan hisobda turishi;

– fuqaro E.M.Urlaeva Toshkent shahar Mirobod tumanlararo Fuqarolik ishlari bo`yicha sudi tomonidan 2006 yil 24 avgust kuni “ruhiy layoqatsiz” deb topilgani;

– fuqaro E.M.Urlaevaning onasi Evsigneeva Vera Afanasevna tomonidan 20.10.2016 yilda Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumani Yalang`och dahasi 103-uy 25-xonadonda ro`yxatda turuvchi, 12.02.1951 yilda tug`ilgan Po`latova Tursunoy Mahmudovnaga qizining huquqlarini himoya qilish uchun uning nomiga “ishonchli vakil” sifatida notarius tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma berilgani;

– Mirzo Ulug`bek tumani hokimining 23.03.2018 yildagi №131-sonli qaroriga asosan, fuqaro T.M.Po`latova fuqaro E.M.Urlaevaga vasiy etib tayinlangani aniqlangan.

Yuqoridagilarga asosan, fuqaro E.M.Urlaevaning murojaatida keltirilgan holatlarda jinoyat alomatlari bo`lmaganligi inobatga olinib, O`zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan jinoyat ishini qo`zg`atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan va tegishli tartibda murojaat muallifiga javob xati yuborilgan.

Bundan tashqari, xabarda keltirilgan IIV binosi qo`riqlanishi borasidagi salbiy fikrlar haqiqatdan yiroq ekanligini ma`lum qilamiz.

O`zbekiston Respublikasi IIV Axborot xizmati

    Boshqa yangiliklar