Xalqaro matbuot markazida ShHT kuzatuvchilari missiyasi ishtirokida press-brifing bo`lib o`tdi.
ShHT Bosh kotibi o`rinbosari, ShHT kuzatuvchilar missiyasi rahbari Se Syaoyun missiya 15 yildan beri faoliyat yuritayotgani, missiya tarkibida Qozog`iston, Qirg`iziston, Rossiya, Xitoy, Pokiston, Tojikiston kabi davlatlardan 20 kuzatuvchi borligini aytib o`tdi.
ShHT missiyasi a`zolari O`zbekistondagi parlament va mahalliy kengashlarga saylovlarni kuzatish uchun 2019 yil 16 dekabr kuni kelgan.
Saylov kuniga qadar missiya kuzatuvchilari saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishgan. Ma`ruzachining qayd etishicha, O`zbekiston davlati tomonidan saylovning demokratik talablar asosida o`tishi uchun barcha zarur shart-sharoit ta`minlab berilgan. Saylovgacha bo`lgan jarayonda xalqaro standartlarga muvofiq keladigan, saylovga oid bir necha qonunlarni yaxlitlashtirgan Saylov kodeksi qabul qilindi.
O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov bilan bog`liq barcha tashkiliy ishlar yaxshi amalga oshirilgan.
Missiya vakillari Toshkent, Farg`ona, Namangan, Andijon, Samarqand, Buxoro viloyatlaridagi turli saylov uchastkalarida bo`lib, tayyorgarlikni ham, saylov qanday o`tkazilganini ham bevosita kuzatgan.
Saylovchilarning erkin ovoz berishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilganini, ayniqsa imkoniyati cheklangan shaxslarga ham zarur sharoitlar ta`minlangani e`tiborga loyiq. Xorijiy davlatlardagi fuqarolarga ham ovoz berish uchun maksimal qulaylik yaratilgan. Muddatidan oldin ovoz berish uchun ham zarur ishlar qilingan.
Saylov kuni muhrlangan saylov qutilari, saylov uchastkalarida videokuzatuv yo`lga qo`yilganiga bevosita guvoh bo`ldik.
Aholi saylovlarda faol ishtirok etdi. Missiya kuzatuvchilariga saylovdan oldin ham, saylov kuni ham hech qanday e`tiroz va shikoyatlar bildirilmadi.
ShHT vakili O`zbekistonda saylovlar shaffof, demokratik tarzda muvaffaqiyatli o`tganini e`tirof etar ekan, xalqimizni bu yutuq bilan tabrikladi.






