Samarqand shahrida joylashgan “Ipak yo`li” xalqaro turizm universiteti hamda Qozog`istonning “Turizm va mehmondo`stlik xalqaro universiteti” o`rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjatni imzolash marosimi 21 dekabr kuni “Amirsoy” tog`-chang`i kurorti ochilishi doirasida bo`lib o`tdi.
Memorandum Bosh vazir o`rinbosari, “Ipak yo`li” xalqaro turizm universiteti rektori Aziz Abduhakimov hamda Qozog`iston universiteti rektori Maynura Murzamadieva tomonidan imzolandi.
Hamkorlik memorandumi professor-pedagoglar, xodimlar, talabalar, jumladan magistrantlar, aspirantlar, doktorantlar) almashinuvi, tadqiqotlar o`tkazish va tajriba almashish, amaliyot o`tash, shuningdek ikki tomonlama diplom berishni ko`zda tutuvchi “2+2” hamkorligi doirasida ikki universitet o`rtasida qo`shma o`quv dasturlarini ishlab chiqish va joriy qilishni ko`zda tutadi.
Bundan tashqari, hujjatga muvofiq, Markaziy Osiyo mintaqasida turizm industriyasi va mehmondo`stlikni rivojlantirishga yo`naltirilgan qo`shma konferensiyalar, akademik uchrashuvlar, simpoziumlar, muhokamalar doiralari, mahorat darslari kabi tadbirlar o`tkaziladi.
Shunisi diqqatga sazovorki, ushbu memorandum asosida ikki universitet mutaxassislari va o`quvchilarini jalb qilgan holda, ilmiy maktablar, markazlar va laboratoriyalarni tashkil qilish hamda ularning faoliyatini yuritish, shuningdek loyihalarni tijoratlashtirishda birgalikda ishtirok etish mumkin bo`ladi. Xalqaro, davlat, jamoatchilik va xususiy tashkilotlar hamda jamg`armalar tomonidan e`lon qilinuvchi ilmiy grantlardagi birgalikdagi ishtirok ham shular jumlasidandir.
Hujjatga ko`ra, “Ipak yo`lida turizm” umumiy loyihaviy zont ostidagi tadqiqotlarni amalga oshirish uchun tarmoqning har bir universitetida “Ipak yo`li” kafedrasi yaratiladi.
Yana bir quvonchli jihatlardan biri shundaki, Hamkorlik memorandumi bo`yicha Bolon jarayoni hamda UNWTO, ISO, TedQual standartlariga muvofiq qo`shma o`quv rejalari ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, hujjat hamkor universitetning davriy nashrlarida universitet talabalari, magistrlari, doktorantlari va xodimlarining maqola, ma`ruza hamda boshqa ilmiy ishlari chop etilishini nazarda tutadi. Ilmiy materiallar almashinuvi ham shular jumlasidandir.
Multimilliy universitet tarmog`ini yaratish va uning faoliyatini yuritish maqsadida “Ipak yo`li” xalqaro turizm universiteti mazkur jarayonning koordinatori hisoblanadi.






