O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 23 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligidan kuzatuvchilar missiyasi boshchiligida mamlakatimizda bo`lib turgan MDH Ijroiya qo`mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga navbatdagi saylovlarga tayyorgarlik ko`rish va ularni o`tkazish davrida MDH missiyasi faol ishlaginini ta`kidladi.
Sergey Lebedev saylovni kuzatishda ishtirok etish taklifi, qolaversa, Hamdo`stlikka a`zo mamlakatlar va Ijroiya qo`mitadan 180 vakildan iborat MDH kuzatuvchilar missiyasining samarali faoliyatini ta`minlash yo`lida yaratilgan qulay sharoitlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Saylov jarayoni yuksak saviyada tashkil etilgani, milliy qonunchilik va xalqaro standartlarga to`liq mos ravishda o`tgani qayd etildi.
MDH Ijrochi kotibi saylov ko`p partiyaviylik asosida, erkin, shaffof va raqobat muhitida o`tgani, mamlakatdagi demokratik o`zgarishlarni chuqurlashtirishning muhim omili bo`lganini ta`kidladi.
Uchrashuvda, shuningdek, O`zbekistonning Hamdo`stlik mamlakatlari bilan ko`p tomonlama hamkorligi istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Respublikaning 2020 yilda MDHda raisligini samarali tashkil etish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.






