“Andijon” xalqaro aeroporti davomli tanaffusdan so`ng “Uzbekistan Airports” AJ sa`y-harakatlari bilan o`z faoliyatini qayta tiklamoqda.
O`zbekiston Respublikasi aviasion hukumati tomonidan olingan ruxsatga muvofiq, joriy yilning 22 dekabridan Rossiyaning “IrAero” aviakompaniyasi “Superjet-100” samolyotida Moskva-Andijon-Moskva yo`nalishidagi reyslarni amalga oshira boshladi.
“IrAero” – Rossiya Federasiyasining 1999 yilda asos solingan aviakompaniyasi. Aviakompaniya muntazam ravishda butun Rossiya hamda yaqin xorijiy mamlakatlar hududlari bo`ylab yo`lovchilarni tashish bilan shug`ullanadi.
Farg`ona vodiysining transport tarmoqlaridan biri hisoblangan Andijon aerodromi 1954 yilda qurilgan. Oxirgi muntazam reys – Andijon-Toshkent yo`nalishida o`tgan yilning oktyabr oyida VS Boeing-757 havo kemasida amalga oshirilgan.
“Uzbekistan Airports” AJ Transport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi bilan hamkorlikda O`zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan xorijiy sayyohlarni respublikaga jalb qilishga doir qo`yilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida O`zbekiston aeroportlariga aviareyslar sonini oshirish hamda parvozlar geografiyasini kengaytirish bo`yicha faol ishlashda davom etadi.






