Bosh prokuratura Matbuot xizmatining "darakchi.uz"ga xabar berishicha, saylov jarayonlari bilan bog`liq bir nechta noqonuniy holatlar aniqlangan.
Xususan, O`zbekiston Liberal demokratik partiyasi a`zosi B.Xolmatovning murojaati tekshirildi.
Tekshirishda, Uchtepa tumani hokimligi tashkiliy - kadrlar guruhi rahbari Sh.Nigmatov O`zbekiston Ekologik partiyasi ichki ishlariga va saylov jarayoniga noqonuniy aralashganligi aniqlandi.
Sh.Nigmatov va partiyaning tuman kengashi raisi Q.Maxkamovlar Liberal demokratik partiya a`zosi B.Xolmatov, “Adolat” partiyasi a`zosi H.Yunusova hamda 2017 yildan Amerika qo`shma shtatlarida yashayotgan S.Azimovalarning nomzodini ularning roziligisiz va xabarisiz Ekologik partiyadan Xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi deputatligiga nomzod sifatida ko`rsatib, saylov hujjatlariga soxta ma`lumotlar kiritishganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan 23.12.2019 yilda Jinoyat kodeksining 146-moddasi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






