AsosiyJamiyat

Oliy ta`lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini tashkil etishga mas`ul trenerlar tayyorlandi

'Oliy ta`lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini tashkil etishga mas`ul trenerlar tayyorlandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 maydagi Farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 avgustdan boshlab eksperiment tariqasida oliy ta`lim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirilmoqda. 

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tomonidan mazkur loyiha doirasida tizimda korrupsiyaning har qanday ko`rinishi bartaraf etishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda. 

Navbatdagi tashabbus – Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markaz hamda O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi hamkorligida OTMlar boshqaruv xodimlari va professor-o`qituvchilari uchun kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etish, manfaatlar to`qnashuvini bartaraf qilish va korrupsiyaga qarshi kurashishning boshqa yo`nalishlari bo`yicha qisqa muddatli trenerlar tayyorlash kurslari tashkil etildi.

Joriy yilning 17-21 dekabr kunlari bo`lib o`tgan ushbu kurslarda 90 ta oliy ta`lim muassasacidan jami 121 nafar trenerlar tayyorlandi. 

Trenerlarga malakali mutaxassislar tomonidan oliy ta`lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishni takomillashtirish va “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi”ning mazmun –mohiyati, oliy ta`lim sohasida korrupsiya xavf-xatarlarini aniqlash va baholash masalalariga bag`ishlangan ma`ruzalar tashkil etildi.

Kurs yakunida tinglovchilarga elektron shakldagi o`quv-uslubiy materiallar to`plami hamda sertifikatlar taqdim etildi.

Mazkur trenerlar joylarda oliy ta`lim muassasalari boshqaruv xodimlari va professor-o`qituvchilari uchun davriy ravishda kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etish, manfaatlar to`qnashuvini bartaraf qilish va korrupsiyaga qarshi kurashishning boshqa yo`nalishlari bo`yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etib borishlari ko`zda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar