“Ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga muvofiq, ba`zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan 20 dan ortiq qonun hujjatlariga o`zgartishlar kiritildi.
Jumladan, tog`-metallurgiya tarmog`i korxonalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to`g`risida”gi Qonunga o`zgartishlar kiritildi.
Kiritilgan o`zgartishlarga ko`ra, portlovchi moddalarni, shuningdek ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallar va asbob-uskunalarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish hamda realizasiya qilish bilan shug`ullanadigan korxonalar Prezident qarori bilan davlat tasarrufidan chiqariladi va xususiylashtiriladi.
Bundan tashqari, Jinoyat-prosessual kodeks yangi norma bilan to`ldirildi. Unga ko`ra murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin. Ish holatlari hujjatlarning faqat asl nusxalari bilan tasdiqlanishi lozim bo`lganda, shuningdek boshqa zarur hollarda hujjatlarning asl nusxalari taqdim etiladi.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilgan o`zgartishlarga ko`ra, ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishni sudda ko`rib chiqish chog`ida sudning tashabbusiga yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasiga ko`ra sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkin.
Shuningdek, ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ish bo`yicha qaror axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida chiqarilishi va ijro etish uchun yuborilishi mumkin.