“O`zbektelekom” kompaniyasi Matbuot xizmati bergan ma`lumotga ko`ra, 2020 yilning 1 yanvaridan yurtimizdagi provayderlar uchun internet narxlari 20 foizga arzonlashishi kutilmoqda, deyiladi Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati rasmiy kanalida.
Qayd etilishicha, 2019 yil davomida operatorlar va provayderlar uchun tashqi kanalga ulanish tariflari soniyasiga 1 megabit tezlik uchun 85 ming so`mdan 70 ming so`mgacha arzonlashgan. 2020 yilda operatorlar va provayderlar xuddi shu tezlik uchun 56 ming so`m to`lashi kutilmoqda.
Tahlillarga ko`ra, avvalgi o`zgarishlar internet narxlarining to`rt marta arzonlashishiga olib kelgan. Kabelli internetning tezligi O`zbekistonning barcha foydalanuvchilari bo`yicha qariyb ikki marta oshgan.
Operatorlarda soatiga 100 megabit tezlikka ega tarif rejalari paydo bo`lgan, bir yil avval esa operatorlarning ko`pchiligida eng yuqori tezlik soniyasiga 20 megabitni tashkil qilgan. Eng yuqori tezlikdagi tariflarning narxlari ham pasaygan.