“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov maktablarda sport zallari va oshxonalar yo`qligida sobiq Xalq ta`limi vaziri va amaldagi vazirni ayblashga uringani bo`yicha Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Axborot xizmatining munosabati chop etildi.
XDPning mazkur munosabatiga Xalq ta`limi vazirligi Matbuot xizmati ham qo`shimcha qildi:
“2018 yilning 5 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta`limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” farmoni qabul qilingan.
“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov mazkur farmonning uchinchi bandi bilan tanishib chiqishini taklif etaman.
Unda maktab infratuzilmasini rivojlantirish masalasi hamda xalq ta`limi muassasalaridagi mavjud muammolarni tez va samarali hal qilish bo`yicha boshqa choralar ko`rilishini tashkil etish uchun mahalliy hokimlarning shaxsan javobgarligi belgilangan.
Farmonning uchinchi bandida qo`yidagilar yozilgan:
Belgilab qo`yilsinki, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari xalq ta`limi muassasalarini qo`llab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirish masalasida har tomonlama ko`maklashish, xususan:
tegishli hududda umumta`lim muassasalariga yordam ko`rsatishni tashkil etish va muvofiqlashtirish, shu jumladan o`qituvchilar va ushbu soha xodimlarining maqomini yaxshilashga va oshirishga yordam berish;
xalq ta`limi muassasalariga ko`maklashish masalalari bo`yicha vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning hududiy bo`linmalari rahbarlarining hisobotlarini belgilangan tartibda eshitish;
nodavlat umumiy o`rta ta`lim tashkilotlariga berish uchun bo`sh er uchastkalari (har bir hududda yiliga 50 lotdan kam bo`lmagan) ro`yxatini tasdiqlash va ulardan doimiy foydalanish huquqini «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida realizasiya qilish;
xalq ta`limi muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta`mirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani (trotuarlar, yo`llar va boshqalar) zarur holatda saqlash bo`yicha buyurtmachi funksiyasini amalga oshirish;
xalq ta`limi muassasalarini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiena sharoitlari va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz ta`minlash;
tumanlar (shaharlar) kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha sektor rahbarlari bilan birgalikda xalq ta`limi muassasalarini o`quv yiliga va kuz-qish mavsumiga o`z vaqtida va samarali tayyorlash tadbirlarini amalga oshirish;
umumta`lim muassasalarining xavfsizligini ta`minlash, shu jumladan hududlar atrofini o`rash, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`yicha inspektorlarni biriktirish, videokuzatuv kameralari, yong`inga qarshi signalizasiya tizimlarini, kirish yo`llarida qoidabuzarliklarni qayd etuvchi qurilmalarni o`rnatish chora-tadbirlarini ko`rish;
xalq ta`limi muassasalari hududining va ko`chmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda ta`minlash;
umumta`lim muassasalarini rivojlantirish uchun investisiyalarni va homiylik yordamini jalb qilishga ko`maklashish;
xalq ta`limi muassasalaridagi mavjud muammolarni tez va samarali hal qilish bo`yicha boshqa choralar ko`rilishini tashkil etish uchun shaxsan javob beradi, — deyilgan rasmiy munosabtda.