1

Harbiy sportchilar Prezident nomidan taqdirlandi

Jamiyat 28.12.2019, 21:16
Harbiy sportchilar Prezident nomidan taqdirlandi

Mudofaa vazirligida Markaziy apparatida mamlakatimiz sportini dunyoga tanitishda, erishilgan yuqori natijalari, Qurolli Kuchlar nufuzini oshirishga qo`shgan munosib hissasi uchun Mudofaa vazirligi sport klubining bir guruh sportchilari va murabbiylari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni nomidan qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti ma`lum qildi.

Tantanada Mudofaa vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo`mitasi rahbariyati ishtirok etdi.

Ta`kidlash kerakki, joriy yilda Mudofaa vazirligi sport klubi faollari erishgan yutuqlar har qancha e`tirofga arzigulik. Jumladan, navbatdagi “leytenant” harbiy unvoni topshirilgan kontrakt bo`yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Bektemir Meliqo`ziev joriy yilda AQShda professionallar o`rtasida tashkil qilingan uchta jang g`olibi bo`ldi. Xuddi shunday navbatdagi “leytenant” harbiy unvoni topshirilgan kontrakt bo`yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Mirazizbek Mirzaxalilov Xitoy Xalq respublikasida hamda boshqa bir qator xalqaro nufuzli chempionatlarda g`oliblikka erishdi. 

Qurolli Kuchlar xizmatchilari Nikita Rafalovich va Adhamjon Ergashev bir necha xalqaro turnirlar g`olibi, Jahon chempionati sovrindori bo`lish barobarida 2020 yili Yaponiyada o`tkaziladigan Olimpiya o`yinlarida ishtirok etish uchun lisenziyani qo`lga kiritgan. 

Mudofaa vazirligi sport klubi faoli Nigora Tursunqulova esa joriy yilning o`zida “Katta dubulg`a” tasnifidagi xalqaro turnirning bronza medali sovrindori, “Turkish open” hamda “Rossiya open” xalqaro turnirlarining g`olibligiga sazovor bo`lgan. 

Mayor Anvar Muqimov esa jiu-jitsu sport turi bo`yicha Jahon chempionatida oltin medalni qo`lga kiritib, O`zbekiston tarixida ilk jahon chempioni bo`ldi. Shuningdek, harbiy sportchilarning ko`pchiligi Uxan shahrida bo`lib o`tgan VII umumjahon harbiy o`yinlari g`oliblari safidan o`rin olgan.

Mudofaa vazirligi sport klubi a`zolari 2019 yil davomida respublika va xalqaro miqyosdagi chempionat hamda musobaqalarda, jami 800 ta medalni qo`lga kiritgan, shundan 265 tasi xalqaro turnirlarda erishgan g`alabalari natijasidir.

Nafaqat yurtimizda, balki xalqaro maydonda ham tan olingan sportchilar bir dasturxon atrofida yuqoridagi voqealarning guvohi bo`lib o`tirgan poytaxtimizdagi 102-maxsus maktab internat o`quvchilariga o`zlarining sovg`alarini topshirdilar. 

Yangi yil arafasida berilgan sovg`alar bolajonlarning ko`nglini xushnud qildi. Ayniqsa, o`zbek va jahon adabiyoti durdonalaridan iborat kitoblar jamlanmasi ularni shod qildi. Tantanalardan so`ng o`quvchilar uchun Mudofaa vazirligi sport klubida bayram tadbiri tashkil qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1