1

O`zbekistonda o`qitib Buyuk Britaniya diplomini berishni va`da qilayotgan nodavlat ta`lim muassasalarining yolg`onlari ma`lum qilindi

Jamiyat 28.12.2019, 22:00
O`zbekistonda o`qitib Buyuk Britaniya diplomini berishni va`da qilayotgan nodavlat ta`lim muassasalarining yolg`onlari ma`lum qilindi

Prezidentimiz o`tgan yili Oliy Majlisga Murojaatnomasida oliy o`quv yurtlari nufuzini oshirish, nodavlat ta`lim maskanlari sonini ko`paytirib, sohaga yuqori malakali kadrlarni jalb etish va raqobatni kuchaytirish lozimligini ta`kidlab o`tgan edi.

Mazkur vazifasi ijrosi ta`minlash uchun Ta`lim inspeksiyasi tomonidan nodavlat ta`lim tashkilotlari tashkil etish jarayonlarini soddalashtirish bilan birga, lisenziya talabgorlarining murojaatlarini qisqa muddatlarda ko`rib chiqishi yo`lga qo`yildi.

2018 yilning 1 yanvarida yurtimizda 500 ta nodavlat ta`lim tashkilotlari faoliyati ko`rsatgan bo`lsa, bugungi kunda ularning soni 2534 tani tashkil etmoqda.

Yurtimizda oliy, umumiy o`rta va maktabdan tashqari ta`lim sohasida ta`lim xizmatlarini ko`rsatishga oid faoliyat bilan shug`ullanuvchi nodavlat ta`lim tashkilotlari tarmog`ini yanada rivojlantirish, ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklikning turli shakllarini samarali joriy etish hamda davlat va nodavlat ta`lim tashkilotlari o`rtasida sog`lom raqobat muhitini yaratish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga qaratilgan islohotlar ahamiyatli bo`lmoqda.

Nodavlat ta`lim tashkilotlari soni va yo`nalishlari oshgani, ular faoliyatini tashkil etishda, xalqaro tashkilotlar, xorijiy oliy ta`lim muassasalari bilan faol hamkorlik qilinayotgani quvonarli hol.

Biroq ayrim holatlarda mazkur muassasalar faoliyati, vazifasi va vakolati bilan bog`liq masalalarning noto`g`ri tushunilishi yoki talqin qilinishi sababli fuqarolarimizda ayrim nodavlat ta`lim tashkilotlari haqida xolis axborot olishga bo`lgan ehtiyoj paydo bo`lmoqda.

Buni Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining telegram botiga (@Uztdibot) foydalanuvchilar tomonidan yurtimizdagi nodavlat ta`lim tashkilotlari faoliyati yuzasidan kelib tushayotgan ko`plab savollardan ko`rishimiz mumkin.

Xususan, ko`pchilik “BRITISH FOUNDATION TASHKENT”, “LONDON GRADUATE SCHOOL OF BUSINESS” va “INTERNATIONAL SCHOOL OF FINANCE AND TECHNOLOGY” ISFT tashkilotlari tomonidan berilgan diplomlar O`zbekistonda oliy ta`lim muassasasi diplomi sifatida tan olinadimi?” deb murojaat qilmoqda.

Yuqoridagi masala yuzasidan quyidagilarni ma`lum qilamiz:

Nodavlat ta`lim tashkilotlariga lisenziya berish O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 martdagi 241-son qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat ta`lim xizmatlari ko`rsatish sohasidagi faoliyatni lisenziyalash tartibi to`g`risidagi nizom asosida amalga oshiriladi.

“BRITISH FOUNDATION TASHKENT” nodavlat ta`lim muassasasi (STIR 305849046) Toshkent shahar, Mirzo Ulug`bek tumani, Irrigator ko`chasi, 3-uy manzilida “Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash” ta`lim turi bo`yicha 2019 yil 16 mayda KMO 0345 raqamli lisenziya olgan bo`lib, ushbu lisenziyaga ko`ra, matematika, iqtisodiyot, biznes, ingliz tili ta`lim yo`nalishlarida ta`lim xizmatlarini ko`rsatishi mumkin. Mazkur lisenziya oliy ta`lim turi bo`yicha ta`lim xizmatlari ko`rsatish huquqini bermaydi.

“BRITISH FOUNDATION TASHKENT” nodavlat ta`lim muassasasi Buyuk Britaniyaning “NCUK Foundation” konsorsiumi ta`lim dasturi asosida bir yillik “NCUK Foundation” ta`lim dasturini o`qitishni taklif etmoqda. Ushbu dastur O`zbekistonda ham, Buyuk Britaniyada ham (4-darajali Buyuk Britaniya Oliy ta`lim kvalifikasiyalari ramkasining 2-darajasi hisoblanadi yoki Buyuk Britaniya Milliy kvalifikasiya ramkasining 5-darajasiga to`g`ri keladi) oliy ta`lim faoliyatining bir qismi hisoblanadi. Mazkur muassasa tomonidan ta`lim oluvchilar va ularning ota-onalariga “Biz diplom bermaymiz, demak biz oliy ta`lim xizmatlari ko`rsatish uchun lisenziya olishimiz shart emas” yolg`on ma`lumot berilmoqda. Faoliyat yakuni bo`yicha oliy ma`lumot to`g`risida diplom beradigan yoki oliy ta`limning ma`lum bir davrini o`qish imkonini beradigan faoliyat oliy ta`lim faoliyati deb hisoblanadi hamda O`zbekiston qonunchiligi bo`yicha lisenziya olib faoliyat ko`rsatishga majbur.

“LONDON GRADUATE SCHOOL OF BUSINESS” tashkiloti oliy ta`lim turi bo`yicha ta`lim xizmatlari ko`rsatish uchun Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan lisenziya olmagan. O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Amalga oshirilishi uchun lisenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro`yxati to`g`risida” 2001 yil 12 maydagi 222-II-son qaroriga muvofiq, nodavlat ta`lim xizmatlari ko`rsatish sohasidagi faoliyat lisenziyalanishi shart bo`lgan faoliyat turi hisoblanib, har qanday ta`lim turi bo`yicha nodavlat ta`lim tashkilotlari tomonidan ta`lim xizmatlarini lisenziyasiz ko`rsatilishi noqonuniy hisoblanadi.

“INTERNATIONAL SCHOOL OF FINANCE AND TECHNOLOGY” ISFT nodavlat ta`lim muassasasiga Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Chilonzor dahasi, 9a-mavze, 18a-uy, 13-xonadon manzilida “Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash” ta`lim turi bo`yicha 2019 yil 16 mayda KMO 0256 raqamli lisenziya rasmiylashtirilgan. Ushbu lisenziyaga ko`ra, muassasa boshlang`ich buxgalteriya hisobi malaka oshirish kursi, fizika, kimyo, matematika, ona tili va adabiyot, rus tili, tarix, ACCA-xalqaro buxgalteriya hisobi va audit, IELTS, ingliz tili ta`lim yo`nalishlarida ta`lim xizmatlari ko`rsatishi mumkin.

Mazkur muassasaning veb-saytida imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan yoshlarga Buyuk Britaniyaning Oxford Brookes University, Fransiyaning European Global University kabi oliy ta`lim muassasalarining bakalavr diplomi berilishi e`lon qilingan. Lekin muassasaning nomlari yuqorida qayd etilgan Evropaning oliy ta`lim muassasalari ta`lim dasturlari asosida faoliyat yuritishi uchun tegishli lisenziya olinishi talab etiladi.

Bundan tashqari, mazkur muassasaning lisenziyada ko`rsatilmagan manzilda, ya`ni Toshkent davlat agrar universiteti hududida faoliyat yuritishi ham lisenziya talablari va shartlarini buzish hisoblanadi. Nodavlat ta`lim muassasasi tomonidan Buyuk Britaniyaning Oxford Brookes University oliy ta`lim muassasasining bakalavr diplomi berilishi hamda bu diplom O`zbekiston Respublikasida to`g`ridan-to`g`ri (sinovlarsiz) tan olinishi targ`ib qilinmoqda. Ta`kidlash joizki, bakalavr diplomi “INTERNATIONAL SCHOOL OF FINANCE AND TECHNOLOGY” ISFT nodavlat ta`lim muassasasi tomonidan emas, balki Buyuk Britaniyaning oliy ta`lim muassasasi tomonidan faqat imtihonlardan muvaffaqiyatli o`tgan bitiruvchilarga beriladi. Chunki “INTERNATIONAL SCHOOL OF FINANCE AND TECHNOLOGY” ISFT nodavlat ta`lim muassasasining bakalavr diplomi berish huquqi mavjud emas.

Shuni yodda tutish muhimki, tegishli lisenziyaga ega bo`lmagan yoki belgilangan tartibda akkreditasiyadan o`tmagan ta`lim tashkilotlari tomonidan berilgan oliy ma`lumot to`g`risidagi hujjatlar nafaqat O`zbekiston Respublikasida balki boshqa davlatlar tomonidan ham tan olinmaydi, deyiladi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Matbuot xizmati rasmiy axborotida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1