Har bir bayramning o`z tarixi bor. Har bir voq`elik insonlar e`tiboriga ko`ra sharh talab etadi. Bunday sharhlar ishonarli bo`lishi uchun voq`elikni aniq dalillar(fakt va argumentlar) orqali yoritishni talab etadi. Agar shunday qilinsa nega? Qanday qilib? Nahotki?, degan savollarga o`rin qolmaydi.
Ammo voq`elikning asliyatini anglash uchun hamma ham botina olmaydi. Chunki aytilgan fikrga doim qarshi chiqadigan, g`ayrlik bilan munosabatda bo`ladigan, fitnalar chiqarishga urinadigan kimsalar doim topiladi.
Ayrim insonlar esa o`z tiynatiga ko`ra, o`zi bajarayotgan ishning ma`no mazmuniga chuqurroq kirib ko`rishni ham xohlamaydi. Bu toifa kishilar voq`elik mazmunini anglab etmagan holda turli urflarni xursand bo`lib bajarib yuradi. Ularga bajarayotgan ishlarining mazmunini tushuntiraman desang, to`mtoq ongi bilan fikringni nojo`yaga chiqaradi.
Ammo yana bir toifa odamlar borki, har bir ishning, voqeaning mazmuniga e`tibor beradi. Fasohat va farosat bilan yondoshib, sabab axtaradi. Bajarayotgan ishi xayrli bo`lsa bajaradi. Aks holda undan tiyiladi. Shunday insonlarga ko`mak bo`lsin uchun ushbu “yangi yil” haqidagi maqolani yozdik, Alloh xayrli qilsin!.
Yangi yil bayrami qanday paydo bo`lgan?
Yangi yil ilk bora Rimda Yuliy Sezar tomonidan joriy etilgan. Sezar miloddan avvalgi 46 yilda yangi Yuliy taqvimini qabul qildi. Yangi taqvim bo`yicha birinchi oy rimliklar xudosi YaNUS nomi bilan “yanvar” deb ataldi. Va Yanus sharafiga ilk yangi yil bayrami o`tkazildi.
Yanus – rimliklarning ko`plab xudolaridan biri bo`lib, rimliklar uni qo`shyuzli qilib tasvirlashgan. Bu ilohning boshida ikkita yuz bo`lib, birinchi yuzi oldiga, ikkinchisi orqaga qarab turgan.
Shu sababli nasroniylik dini ilk tarqalgan davrda Iso alayhissalom qavmi bu bayramni nishonlashmagan, aksincha ko`pxudolik dini asorati sifatida unga qarshi bo`lishgan.
So`ngra bu bayram asta-cekin Rimga tobe xalqlar orasida tarqalib, qadriyat sifatida shakllana borgan. So`ngra Yunoniston, Misr, yaqin sharq mamlakatlari va Evropaning janubiy hududlarida keng yoyila borgan.
Rossiyaga yangi yilni Evropadan Petr I olib kelgan. Aynan uning farmoni bilan 1700 yildan boshlab yangi yil rasman nishonlana boshlagan. Ungacha Ruslar ham yangi yilni 21 martda nishonlashgan. Eng qizig`i shuki, unda Ruslar yangi yilni kunduzi nishonlashgan.
Ichkilikbozlik, aysh-u ishrat qilishmagan. Aksincha sayllar tashkil etilgan. Turli musobaqalar o`tkazishgan. Ko`chatlar ekishgan. Odamlar yangi yilda erlarni o`zlashtirish, dehqonchilikni yo`lga qo`yish bo`yicha maslahatlar qilishgan. (M. Zadornovdan olindi)
Yangi yil bayrami Sovet davrida ham ancha bahslarga sabab bo`ldi. Ma`lumki 1919 yildan Sovetlar grigorian taqvimiga o`tishdi. Ammo yangi yil bayrami ta`qiqlanmadi, aksincha grigorian taqvimi asosida nishonlana boshlandi.
Biroq Sovet hukumati tomonidan yangi yil rasman tan olinmagan. 1930 yildan to 1947 yilgacha 1 yanvar oddiy ish kuni hisoblangan. Faqat 1947 yilga kelib SSSR Oliy Soveti Prezidiumining qarori bilan 1 yanvar bayram kuni, deb e`lon qilingan.
Yangi yil timsollari
Yangi yil bayrami timsoliga aylangan Archa shimol xalqlari uchun muqaddas sanalgani uchun bayram tarkibiga kiritildi. Aslida esa qadimdan shimol xalqlarida archa kultiga sig`inish, bayramlarda uning atrofida aylanib tilaklarini aytish odati mavjud bo`lgan. Shimolliklarda qish davrida meva va boshqa mahsulotlar taqchil bo`lgani uchun Archani turli mevalar, o`yinchoqlar bilan bezatish ham urfga aylangan.
Qorbobo va Qorqiz obrazlari ham qadimgi slavyan afsonalari qahramonlari sanaladi.
Qorbobo yoki Ayozboboning ilk obrazi slavyanlarning milliy dinlari ta`sirida shakllangan. Qorbobo qadimda qish va ayoz ilohi sanalgan. Ruslar Nasroniylikni qabul qilgach, ko`pxudolik elementi sifatida ta`qiqlanib undan voz kechilgan. Ammo 18 -asrga kelib slavyanlar ongida muhrlanib qolgan iloh, yangi yil bayrami bahonasida mo`jizaviy ishlarga qodir, mehribon va saxiy qahramon sifatida qaytib kelgan.
O`zbekistonda yangi yil qachondan nishonlanadi?
Manbalarga ko`ra o`zbeklar orasida bu bayram 19 asrdan boshlab nishonlana boshlangan. O`zbekistonda “yangi yil bayramining Rus varianti” nishonlanadi. Istilochi ruslar bilan yangi yil kirib kelgan ilk davrda mahalliy aholida yangi yil bayramini o`tkazishga nisbatan nafrat kuchli bo`lgan. Shu sababli yangi yil bayrami Chor Rossiyasining xos tabaalari, rusofillar va ruslarning xizmatida bo`lganlar orasida yashirincha nishonlangan.
Yillar o`tib Rossiya bilan aloqalar mustahkamlanib, aholi integrasiyasi rivojlanib, madaniyatlar uyg`unlashib borgani sari yangi yilni nishonlovchilar soni ham oshib borgan. Ayniqsa Sovet davrida mahalliy aholining Rossiya o`quv yurtlarida ta`lim olib qaytgan vakillari orasida bu bayramni oshkora nishonlash xolatlari bayramning keng ommalashuviga olib kelgan.
1947 yilda SSSR Oliy Soveti Prezidiumining qarori bilan 1 yanvar kuni bayram kuni deb e`lon qilingach esa, O`zbekistonda yangi yil rasman nishonlana boshlangan.
XX asrning ikkinchi yarmida esa, yangi yil deyarli har bir xonadonda, tashkilotlarda keng nishonlanishi kuzatiladi.
1991 yilda O`zbekistonda mustaqillik e`lon qilingach ham yangi yil bayrami rasmiy bayram sifatida saqlab qolindi.
Yangi yil va Rojdestvo bayramlarining farqi nimada?
Hozirgi kunda o`zbeklar orasida yangi yilning Rimliklar ilohi YaNUS sharafiga joriy etilganligini biladiganlar juda kam. Aksincha mutlaq ko`pchilik bu bayramni nasroniylar bayrami, deb biladilar. Sof e`tiqodli nasroniylar bu bayramni rasman nishonlamasligi, aksincha qarshi ekanligini esa bilishmaydi.
Nasroniylar nishonlaydigan bayram esa “Rojdestvo” bo`lib, bu bayram o`zbek tilida “mavlud kuni” deb ataladi. Unda Iso alayhissalom tug`ilgan kun bayram qilinadi. Rojdestvo yangi taqvim bo`yicha katoliklar va protestantlarda 25 dekabrda, Rus, Serb, Arman-grigoryan, sharqiy katolik cherkovlarida esa yulian taqvimi bo`yicha 25 dekabr – yangi grigorian taqvimi bo`yicha 7 yanvarda nishonlashadi.
Aslida Iso alayhissalomning mavlud kunini nishonlash ham joiz ish emas. Chunki Iso alayhissalomning o`zi hech kimni bu ishga buyurmagan. Balki mavlud kunini nishonlash o`sha davr nasroniylari tomonidan Rimliklarning 25 dekabrda nishonlaydigan Quyosh xudosi kunini omma ongidan forig` qilish uchun ta`sis etilgan.
Xulosa o`rnida
Yangi yil bayramini nishonlash har kimning o`z ixtiyorida. Kimdir uni nishonlasa qarshilik qilinmaydi. Ushbu bildirilgan fikrlar xolislik bilan “tafakkur qiluvchilar” uchun yozildi. E`tiqod musaffoligini his qilmaydigan fosiq kimsalar buni anglamasalar balki tanqid qilar. Tortinib yoki kimdandir cho`chib fikrimizni bildirmaslik bizning tiynatimizda yo`q.
Qolaversa bu erda keltirilgan hech bir fikr yangilik emas. Barcha argumentlar aniq tarixiy manbalar asosida yig`noqlandi va o`quvchi uchun ixcham xolda berildi.
E`tiboringiz uchun rahmat!
Muallif: ANVAR BO`RONOV