AsosiyJamiyat

“Haj va umraga talabgorlar qog`ozbozlik sabab sarson bo`lmoqda” nomli maqolaga raddiya berildi

'“Haj va umraga talabgorlar qog`ozbozlik sabab sarson bo`lmoqda” nomli maqolaga raddiya berildi'ning rasmi

O`zbekiston musulmonlari idorasi “O`ZBEKISTON – “Haj va umraga talabgorlar qog`ozbozlik sabab sarson bo`lmoqda” nomli maqola yuzasidan raddiya e`lon qildi

“Mamlakatimizda so`nggi uch yil mobaynida milliy urf-odatlarimizni tiklash, muqaddas dinimizni, aziz-avliyolarimizning boy merosini chuqur o`rganish, tabarruk qadamjolarini obodonlashtirish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi. Davlatimiz Rahbari tomonidan yurtdoshlarimizga islom dinining ulug` arkonlari, jumladan, haj va umra ziyoratlarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilmoqda.

Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan umra kvotasi bekor qilindi, mazkur ziyorat yil davomida amalga oshirilishi yo`lga qo`yildi. Bu esa xalqimiz tomonidan juda xursandchilik bilan kutib olindi.

Joriy yil 10 dekabr kunidan e`tiboran Toshkent-Jidda-Toshkent yo`nalishlarida har kuni 2 tadan reys yo`lga qo`yildi va ushbu aviareys yil davomida to`xtovsiz amalga oshirilishi belgilandi.

Umra kvotasini olib tashlangani, ushbu safar bilan bog`liq yillar davomida yig`ilib qolgan navbatlarga barham berishga qaratilgan edi. Hozirda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida respublikamiz hududlarida umra navbatlarining sezilarli darajada kamayishiga erishildi.

O`rganishlar shuni ko`rsatmoqdaki, hozirgi kunda aksariyat viloyatlarda joriy navbatlar tugatildi, ayrimlarida esa umra navbati yakuniga etmoqda.

Avvallari bir yilda (Bahor va Ramazon) 10 000 nafar ziyoratchi umra amallarini bajarib kelish baxtiga musharraf bo`lgan bo`lsa, 2019 yil noyabr-dekabr oylarining o`zida 15 000 nafar fuqarolarimiz mazkur amallarini bajarib qaytadilar. Albatta bunday qulayliklar xalqimizni faqat mamnun etmoqda.

Ziyoratchilarimizga yanada qulaylik yaratish maqsadida umra safariga boradigan ziyoratchilarning yagona onlayn navbat tizimi ishlab chiqilib, hozirda tizim sinovdan o`tkazilmoqda.

Unga ko`ra, tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi “Haj” va “Umra” masalalari bo`yicha tashkiliy guruhlar fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan taqdim etilgan ro`yxat asosida umra safariga boradigan fuqarolarni yagona onlayn navbatiga kiritib boradi.

Ushbu holat umra ziyoratiga navbatga olishdagi turli korrupsiya ko`rinishlariga barham berib, shaffoflik va adolatlikni ta`minlaydi.

Ming afsuski oramizda bunday ijobiy islohotlar va yangiliklarni ko`ra olmaydigan, tirnoq ichidan kir qidiradigan insonlar ham yo`q emas.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “O`ZBEKISTON – “Haj va umraga talabgorlar qog`ozbozlik sabab sarson bo`lmoqda” nomli maqola yuzasidan quyidagilarni ma`lum qilamiz.

“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish masalalari bo`yicha Jamoatchilik kengashi tarkibiga o`nga yaqin vazirlik va idoralar rahbarlari kiritilgan. Kengash chiqarayotgan barcha qaror va tavsiyalar fuqarolarimizning ibodat bilan bog`liq bo`lgan amallarni bekamu-ko`st bajarishlariga zamin yaratishdan iboratdir.

Aslida maqolada iddao qilinayotgan tibbiy ko`rik masalasi Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog`liqni saqlash vazirligi talablariga asosan amaliyotga joriy etilgan.

Saudiya Arabistonining Toshkentdagi elchixonasiga o`zbekistonlik fuqaroning tibbiy ko`rikdan o`tganligi to`g`risidagi sertifikat taqdim qilingandan so`nggina Saudiyaga kirish vizasi rasmiylashtiriladi.

Ma`lumki, umra mavsumida Saudiya Arabistoniga bir vaqtning o`zida millionlab ziyoratchilar kelishi bois, ular orasida turli kasalliklarning tarqalishi ehtimoli yuqori bo`ladi.

Ushbu holatni inobatga olib, ziyoratchilarimizni tibbiy ko`rikdan o`tkazish bo`yicha talablar, avvalambor, xorijda ularning sog`liklari va tibbiy xavfsizligini ta`minlash, qolaversa mamlakatimizga turli yuqumli kasalliklarning kirib kelishini oldini olishga qaratilgan.

Shunga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bir qator qarorlari asosida Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan “Haj” va “Umra” tadbirlariga boradigan fuqarolarni tibbiy ko`rikdan o`tkazishning barcha bosqichlarini yurtdoshlarimiz yashayotgan hududlarning o`zidagi markaziy ko`p tarmoqli poliklinikalarida bepul  tashkil etish yo`lga qo`yildi.

Maqolada “tibbiy ko`rik masalasi sayyohlik firmalarida joriy qilinmagan bo`lsada, ular umra safariga bormoqdalar” deyilgan.

Aslida esa, Saudiya Arabistoniga kirayotgan har bir ziyoratchi tibbiy ko`rikdan o`tishi shart. Tibbiy sertifikati bo`lmagan fuqarolarga Saudiyaga kirish vizasi taqdim qilinmaydi.

Bundan kelib chiqadiki, aksariyat sayyohlik firmalari Saudiyaga kirish vizalarini qanday qalbakilashtirayotgan bo`lsa (hozirgi kunga qadar Saudiya Arabistonining Jidda va Madina shaharlari aeroportlaridan ko`plab o`zbekistonlik fuqarolar qalbaki viza sababli deportasiya qilinayotganliklari ma`lum), tibbiy sertifikatni ham shu yo`l bilan qo`lga kiritmoqda.

Maqolada “safar uchun to`lov faqat naqd pul ko`rinishida amalga oshiriladi” degan ma`lumotga izoh sifatida to`lovlar naqd yoki naqd pulsiz tartibda, hech qanday cheklovlarsiz amalga oshirilishini ma`lum qilamiz. Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 12-bandida belgilangan.

Shuningdek, maqoladagi “bunday holatlar mahalliy hokimliklar tomonidan o`ylab topilgan” degan da`voga javoban, umra ziyoratiga borish tartibi Vazirlar Mahkamasining 364-sonli mazkur Qarori bilan aniq va tushunarli tarzda belgilanganini alohida ta`kidlaymiz.

Qolaversa, “tibbiy tekshiruvlar uzoq vaqt oladi” degan iddao Sog`liqni saqlash vazirligi bilan o`rganib chiqilganda tekshiruvlar 3 soat ichida o`tkazilishi, laboratoriya tahlillari javobi esa
2 kundan ortiq bo`lmagan muddatda taqdim etilishi aniqlandi.

Dono xalqimizda “inson hayotda yaxshiliklarni ko`rib, zavqlanib yashashi lozim” degan purma`no gap bor. Shunday ekan, xalqimiz tomonidan zo`r xursandchilik bilan qabul qilinayotgan xayrli ishlarni mamnuniyat bilan e`tirof etishni o`rganaylik.

Hurmatli “O`ZBEKISTON – “Haj va umraga talabgorlar qog`ozbozlik sabab sarson bo`lmoqda” nomli maqola muallifi! Sizga aytadigan birgina gapimiz bor, u ham bo`lsa, Muqaddas Qur`oni karimda aytilganidek: “Fitna – qotillikdan ham yomonroqdir” (Baqara surasi 191-oyat).Fitnalardan ehtiyot bo`laylik!”, — deb yozadi O`zbekiston musulmonlari idorasi.

 

    Boshqa yangiliklar