AsosiyJamiyat

Endi to`y-hashamlarni qanday o`tkazamiz?

'Endi to`y-hashamlarni qanday o`tkazamiz?'ning rasmi

2020 yilning 1 yanvaridan O`zbekistonda to`y va marosimlarni o`tkazish tartibi o`zgardi. Endi shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka yo`l qo`yilmaydi. Bu haqda O`zbekiston Oliy majlisi senati axborot xizmati ma`lum qildi.

Xabarga ko`ra, 1 yanvardan to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oralig`ida o`tkaziladi. Soat 23:00 dan keyin to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlarni davom etishiga yo`l qo`yilmaydi.

Ushbu marosimlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi. Qo`shaloq to`ylarda esa 250 kishi, u bilan bog`liq osh berish marosimida 300 kishi qatnashishi mumkin.

To`y va boshqa tadbirlarda 2 nafardan ortiq xonanda (guruh) xizmat qilishi mumkin emas.

Dafn etish va motam marosimlari ko`pi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdorda kelim-ketim ta`minlanishi mumkin. Ammo osh berish marosimi bundan mustasno. Shuningdek, to`y o`tkazuvchi shaxslar to`ydan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarini xabardor qilishi shart.

Ma`raka va marosimlarda diniy ma`ruzalarni faqat qonuniy ruxsati bor domla o`qishi mumkin;

Bundan tashqari nikohni qayd etish, kelin-kuyovning to`yxonaga kelishi va ketishi bilan bog`liq marosimlarda 3 tadan ko`p bo`lgan engil avtomashinaga ruxsat etilmaydi. Jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa transport vositalari ham shu jumladan.

Milliy an`analar va odob-axloq qoidalariga zid bo`lgan turli shoular, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan to`ylar, — "kelin navkari", "chorlar", "ota ko`rdi", "sep yoydi", "quda chaqirdi", "kuyov chaqirdi", "kelin chaqirdi", "tog`ora yuborish", "pul sochish" kabi marosimlardan ham voz kechildi.

Shu qatorda dafn etish va motam marosimlari bilan bog`liq "etti", "payshanbalik", "yigirma", "qirq", "yil oshi", "pul tarqatish", "mato ulashish" kabi ortiqcha tadbirlar o`tkazilishi mumkin emas.

Ushbu Nizom talablariga rioya etishni huquqni muxofaza qilish idoralari, Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, Respublika «Nuroniy» jamg`armasi, Ma`naviyat va ma`rifat markazi, Xotin-qizlar qo`mitasi, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O`zbekiston musulmonlari idorasi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi belgilangan tartibda nazorat qiladi. 

Boshqa yangiliklar