1

“So`king`ichlik siyosati eski davrda qoldi” Namangan viloyati rahbari tuman hokimini “shirinso`z”ligi uchun ogohlantirdi

Jamiyat 03.01.2020, 18:37
“So`king`ichlik siyosati eski davrda qoldi” Namangan viloyati rahbari tuman hokimini “shirinso`z”ligi uchun ogohlantirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdievga mansubligi ta`kidlanib, haqoratli so`zlar yog`ilgan audio tarqatildi. Shundan so`ng, ushbu holat yuzasidan Namangan viloyati hokimligi tomonidan Mingbuloq tumanida o`rganish o`tkazildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat hokimining o`rinbosari Tohirjon Rapiqov, viloyat prokurorining o`rinbosari Shuhrat Qosimov ishtirokida Jomashuyda Mingbuloq tumani MMTP raislari, fermerlar, tuman faollari hamda oqsoqollar bilan muhokama yig`ilishi tashkil etildi.

Uchrashuv chog`ida Mingbuloq tumani hokimiga mansubligi ta`kidlanib tarqatilgan audioyozuvning haqiqatdan tuman hokimi Nurshod Xudoyberdievga mansubligi aniqlandi. Audioyozuvda qayd etilgan muloqotning 2019 yil 10 dekabr kuni tumandagi “Gigant” mashina saroyida “Gigant”, “Gulbog`-1”, “Guliston” MMTP hududlariga kiruvchi fermer xo`jaliklari rahbarlari bilan uchrashuv chog`ida yuz bergani, tuman hokimining etikaga mos kelmaydigan so`zlari texnikalarini kelgusi yil tayyorgarligi doirasida ta`mirlash uchun dislokasiya bo`yicha belgilangan saroyga olib kelmagan fermerlarga qaratilgani ma`lum bo`ldi. Tuman hokimining bu boradagi topshirig`i 2019 yil 5 noyabrda e`lon qilingani hamda texnikalarni to`liq ta`mirdan chiqarishning so`nggi sanasi 2019 yil 10 dekabr etib belgilanganiga qaramay, ba`zi fermer xo`jaligi rahbarlarining bu topshiriqqa e`tiborsiz bo`lgani yuzasidan muhokama o`tkazgan tuman hokimi, muloqot chog`ida haqoratli iboralardan foydalangani o`sha yig`ilish ishtirokchilari tomonidan tasdiqlandi.

Yig`ilishda so`z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, tuman hokimining bunday tarzda ishlashini keskin tanqid qilgan holda, “Zo`ravonlik siyosati, so`king`ichlik siyosati eski davrda qoldi. Hech kim birovni haqoratlashga, shaxsiyatiga tegishga haqqi yo`q. Rahbar odam har ishni qonun doirasida bajarishi kerak. Agar hokimning qonuniy talabni bajarmaydiganlar bo`lsa, ularga aynan qonun doirasida chora ko`rilishi lozim, so`kinish bilan ish tutib emas. Bugungi kun hokimi o`z ishi bilan, so`zi bilan, xulq-atvori bilan barchaga o`rnak bo`lishi shart. Davlatimiz siyosati hokimlardan odamlarni rozi qilib, ularga mehr berib ishlashni talab etadi.” deb ta`kidladi.

Muhokama chog`ida ishtirok etgan tuman oqsoqollari, MMTP raislari, tuman prokurori va IIB boshlig`i tuman hokimi faoliyatida bunday holatning avvaldan kuzatilmaganini, biroq umumiy olganda sababi qanday bo`lishidan qat`iy nazar axloqqa zid bo`lgan muloqot usulini keskin qoralashlarini qayd etishdi.

Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiev, o`zining vaziyatdan o`ta pushaymonligini aytib, “Tuman hokimi sifatida bunday xatoga yo`l qo`yganim – bu mening aybim. Hayotda men uchun katta dars bo`ldi. Haqiqatda pushaymonman. Barchadan ming bor uzr so`rayman. Bunday holat umuman takrorlanmaydi deb va`da beraman. Bundan buyon faoliyatimda qonun ustuvorligini to`la ta`minlayman” deb o`z aybini to`liq tan olib, yig`ilganlardan hamda tuman xalqidan kechirim so`radi.

Nurshod Xudoyberdiev viloyat hokimligi tomonidan qattiq ogohlantirildi. 

Viloyat prokuraturasi ushbu audioyozuv yuzasidan o`rganish o`tkazib, ma`muriy javobgarlik jihatini aniqlashi hamda qonuniy chora ko`rishi belgilandi. Viloyat prokuraturasining qarori yuzasidan qo`shimcha bayonot e`lon qilinadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1