Yurtimizda so`nggi uch yilda 64 ming nafar yolg`iz keksalar, pensionerlar va nogironligi bo`lgan shaxslar o`z uyida tibbiy-ijtimoiy xizmat bilan qamrab olindi. 74 ming nafardan ziyod nogironligi bo`lgan shaxsga tibbiy-ijtimoiy reabilitasiya xizmatlari ko`rsatildi.
Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida o`tkazilgan matbuot anjumanida aytib o`tildi.
Shuningdek tadbirda mamlakatda ilk bor nogironlarning haq - huquqlarini himoya qiluvchi qonun loyihasi tayyorlanib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o`qishda qabul qilingani qayd etildi.
Sog`liqni saqlash vazirligi huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tashkil etilishi bu yo`nalishda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarning izchilligi va manzilliligini ta`minlashda muhim omil bo`lmoqda. Bugungi kunda agentlik tizimidagi reabilitasiya markazlarining moddiy-texnika bazasini kuchaytirish borasida ayrim ishlar amalga oshirilmoqda. Tadbirda, shuningdek, yurtimizdagi 107 ta tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyalari faoliyatini ham takomillashtirish, nogironlikni belgilashda shaffoflik va ochiqlikni ta`minlash, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar samaradorligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ham tahlil etildi.
Mamlakatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qator huquqiy hujjatlarda sohada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, nogironlikka o`tish muddatlarini qisqartish va soddalashtirish, ayrim toifadagi nogironligi bo`lgan shaxslarga tekshiruvsiz nogironlik belgilash kabi masalalar ko`zda tutilgan. Ayni paytda ushbu vazifalardan kelib chiqib, huquqiy me`yoriy hujjatlar tayyorlanmoqda.
Bundan tashqari, tadbirda hozirda nogironligi bo`lgan shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida jamoat transportida ko`targichlar, bino va inshootlarda panduslar qo`yilishi, bekat va marshrutlarni eshittiruvchi moslama, elektron ma`lumotli tablolar bilan jihozlash, tovush chiqaruvchi svetoforlar o`rnatilishi xususida ham axborot berildi.






