Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro Sabohat Muqimovaning “O`g`limni o`ldirganlar ko`pchilik bo`lsa-da, lekin bir kishining bo`yniga qo`yishmoqchi” sarlavha ostida audioyozuvi chop etilgan.
Mazkur audioyozuvda arz qilgan S.Muqimova 30 yashar o`g`li J.X.ni bir necha shaxs vahshiylarcha o`ldirgani, bitta gumonlanuvchi Rossiyaga qochirib yuborilgani, uning pasporti olib qo`yilmagani, qon tahlilida boshqa odamning qoni chiqqani, tergov noto`g`ri qilingani, ekspertiza xulosasiga ko`ra qon tahlilida uning o`g`linikidan tashqari yana uch kishining qoni borligi, ular orasida o`g`lini uyidan olib chiqib ketgan bolaning qoni yo`qligi, bu bola vositachi bo`lib, o`g`lini o`ldirganlar boshqa ekanligini bildirgan.
2019 yil 27 sentyabr kuni soat 18:00 larda Yakkabog` tumani, “Alaqarg`a” qishlog`ida joylashgan “Baxtiyorov Shamshod Sherzod o`g`li” xususiy korxonasiga qarashli oshxona ro`parasida J.X. bosh qismining ensa sohasida o`tkir sanchib kiruvchi jism bilan etkazilgan tan jarohati bilan hushsiz holatda topilgan.
Mazkur holat yuzasidan 27.09.2019 yilda JKning 25,97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
J.X. ko`rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, 2019 yil 29 sentyabrda shifoxonada vafot etgan.
Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasida J.X.ning o`limi “orttirilgan kalla miyaning ochiq shikastlanib, bosh miyaning og`ir darajali lat eyishi, bosh miya to`qimasiga va miya qorinchalariga qon quyilishi, o`ng chakka peshona suyaklarining botib sinishi” kabi jarohatlarning kechishi jarayonida rivojlangan o`tkir yurak qon-tomir etishmovchiligidan kelib chiqqanligi ko`rsatilgan.
To`plangan tergov hujjatlariga ko`ra, ushbu jinoyatni oldindan bo`lgan kelishmovchilik tufayli Sh.S. sodir etganligi aniqlangan.
Tergov natijasiga ko`ra, Sh.S.ga JKning 97-moddasi 1-qismi bilan ayblov e`lon qilinib (qamoq ehtiyot chorasi qo`llangan), jinoyat ishi 2019 yil 31 dekabr kuni ayblov xulosasi bilan JIB Chiroqchi tumani sudiga yuborilgan.
Jinoyat ishi hozirda sudda ko`rilmoqda, deya "darakchi.uz"ga ma`lum qildi Bosh prokuratura Matbuot xizmati.






